Zargar o‘zganing 300 million so‘mlik tilla buyumlariga ega chiqdi
bugungi kunda birovning ishonchini suiiste’mol qilib, chuv tushirayotganlar, afsuski, ko‘p uchramoqda.
Ular odamlarning soddaligi, ishonuvchanligidan foydalanib, mulkiga ko‘z olaytirishyapti. Yaxshi niyatlar bilan yiqqan puli, buyumlari firibgarlarning qo‘liga o‘tib, sarson-sargardon bo‘layotganlar ko‘p. Sudlar tomonidan ko‘rilayotganlar ishlarda firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarning oshganligi barchamizni ogohlik va sergaklikka chorlashi kerak.
Farg‘ona tumanilik Mirolim Sidiqjonov 31 yoshda, hali hayotining yaxshi kunlari oldinda. U Farg‘ona shahridagi tilla buyumlar bozorida zargarlik bilan shug‘ullanar edi. Oldiga ko‘plab odamlar kelar, ularni rozi qilishga harakat qilardi. Halollik yo‘lidan borish o‘rniga u nafs kuyiga uchdi.
Gap shundaki, tanishi A.Yusupovning tilla buyumlari borligidan xabar topib, ularni sotib berishda yordam qilmoqchi bo‘ldi. Dastlab undan ikki dona 41 gramm quyma tillalarni har bir grammini 445 ming so‘mdan pullarini bo‘lib-bo‘lib berish sharti bilan oladi. Bu ishlar davom etib, 2020 yil may oyidan 2021 yil fevral oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida A. Yusupovdan juda ko‘p miqdordagi 300 million so‘mlik tilla buyumlarini sotib berishni va’da qilib, olib ketgan. Ammo vaqt o‘tsada, tillalarning pullarini berishni o‘ylamasdan, ularni sotib yuborib, pullarini o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan. M.Sidiqjonov turli bahonalar bilan mijozini ancha paytga qadar aldab keldi. Natija bo‘lmagach, A.Yusupov holat bo‘yicha ichki ishlar idoralariga murojaat qildi va firibgarning nayrangiga chek qo‘yildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi sudlanuvchiga tegishli jazoni tayinladi. Jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar esa to‘liq qoplandi.
Farruh Abduraimov,
Farg‘ona viloyat sudining sudyasi