Zarafshon daryosida Yavan GES quriladi
Energetika xususan, gidroenergetika sohasida qoʻshni davlatlar bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish choralari koʻrilmoqda.
Energetika xususan, gidroenergetika sohasida qoʻshni davlatlar bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish choralari koʻrilmoqda. Zero, Markaziy Osiyo davlatlarining suv xoʻjaligi qaysidir maʼnoda umumiy daryolar bilan chambarchas bogʻliqdir.
“Oʻzbekgidroenergo” axborot xizmatidan xabar berishlaricha, poytaxtimizda ikki tomonlama hamkorlik doirasida Tojikiston delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda energetika sohasida ikki tomonlama hamkorlik, xususan, gidroenergetika yoʻnalishida izchil hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Tojikiston Respublikasi hududida oʻzaro kelishuvlar asosida Zarafshon daryosida gidroelektrostansiya barpo etish masalalari koʻrib chiqildi.
Ushbu uchrashuvda ikki davlatning masʼul vazirliklari hamda idoralari vakillari qatnashdi. Uchrashuv davomida jamiyat boshqaruvi raisi, senator Abdugʻani Sanginov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar xususan, gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar toʻgʻrisida delegatsiya vakillariga batafsil maʼlumot berdi.
Qayd etish kerakki, ayni vaqtda Tojikiston Respublikasi hududidagi Zarafshon daryosida Yavan GESini qurish loyihasi ishlab chiqilgan. Loyihaning dastlabki qiymati 282 million dollar atrofida boʻlib, yakuniy iqtisodiy asosi tasdiqlansa qurilish 2020-yil iyun oyida boshlanadi. Yavan GES ning yillik elektr energiya ishlab chiqarish quvvati 140 MVt ga teng.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama etildi.