“Zangiota”dan chiqqan bir oila hikoyasi
Boshidan o‘tganlarini so‘zlab bergan bir tanishimning gaplarini eshitib, uni boshqalarga ham ulashgim keldi.
Zora, bugun qayta-qayta gapirilaverib siyqasi chiqqan, ammo xavfi sira kamaymayotgan, shiddati so‘nmagan koronavirusning salomatligimizga ziyoni haqida yana bir karra ogoh bo‘lsak, o‘zimizga zarur xulosalarni chiqarsak...
Ism-familiyasini oshkor etishimni istamagan tanishim turmush o‘rtog‘i ikkalasi bu virus balosiga mubtalo bo‘lishibdi. Avval eri, keyin o‘zi isitmalab, holsizlanib, ko‘rpa-to‘shak qilib uyda yotishgan. Shunchaki shamollash, deya dori-darmon qilishgan. Ammo ahvollari kundan-kunga yomonlashib, nafasi siqa boshlagan. Shundan so‘nggina shifoxonaga borishga qaror qilishgan.
— Bir necha kun uyda shamollashga qarshi davolandik, dori-ukol, “kapelnitsa” oldik, — deydi 33 yoshli tanishim. — Er-xotin uyda bir ahvolda yotdik, oxirgi kunlari ovqat qilishga, hatto borini oldimizga olib yeyishga holimiz, hafsalamiz qolmadi. Yaxshiyamki, sal avvalroq bolalarimni qishloqqa — buvisinikiga jo‘natgandik. Bu orada olgan davo muolajalarimizga 4-5 million pulimiz ketdi. Ammo ahvolimiz battarlashib borsa bordiki, o‘nglanishdan darak bo‘lmadi. Boshida shamollash, o‘tib ketadi, deb o‘ylagandik. Ammo ikkalamizning ham holatimiz koronavirus alomatlari kabi kuchayib borardi. Ochig‘i, buyog‘iga dori-darmon olishga ham pulimiz qolmadi. Tanish-bilishlarning maslahati, qistovi bilan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borishga qaror qildik. U yerda bizga juda yaxshi qarashdi, vrachlar ham, hamshiralar ham muntazam holimizdan xabar olib, barcha zarur muolajalarni qilishdi. Oziq-ovqat, dori-darmon, barcha turdagi tekshiruvlar — hamma-hammasi shifoxona tomonidan amalga oshirildi. Yaxshiyamki, biroz kech bo‘lsa-da, kasalxonaga borganimiz, bormaganimizda bilmadim, nima bo‘lishini hatto o‘ylashga ham qo‘rqaman. Faqat farzandlarim ko‘z oldimdan o‘tardi, ularning holi ne kechadi, degan o‘ylar bilan tong ottirardim.
Shukrki, kundan-kunga salomatligimiz yaxshilana boshladi. Menga 3 kunda ruxsat berishdi. Ammo xo‘jayinimning ahvoli yomonroq bo‘lgani uchun 14 kun shifoxonada davolandi. Erkak kishi dardga yengil bo‘ladi, deganlari rost ekan. Ancha qiynaldilar, nafas olishlari og‘irlashdi. Shifokorlarimizga ming rahmat, ular turmush o‘rtog‘imning joniga oro kirib, qo‘llaridan kelgan barcha yordamni ko‘rsatishdi. Xo‘jayinim ham sog‘ayib uyga qaytganlarida boshimizdan kechirganlarimiz ko‘zimdan bir-bir o‘tib, ham quvonchdan, shukronalikdan, ham qo‘rquv va vahimadan yig‘lab yubordim. Barcha qiyinchiliklarimiz ortda qolgani rost bo‘lsin...
Afsuski, bugun bu kabi xastalanayotganlar soni, maxsus shifoxonalarda, o‘z xonadonlarida "COVID-19" bilan og‘rib, davolanayotganlar safi ko‘payib bormoqda. Bu xavfli kasallik zanjirini uzish uchun har birimiz harakat qilishimiz, o‘zimizni asrash bilan virus tarqalishining oldini olishga hissa qo‘shishimiz lozim.
Muhtarama Komilova, O‘zA