Zangiotada zamonaviy temir yo‘l ko‘prigi quriladi
Zangiota tumanida aholining transport muammolari hal etilmoqda. Bu hudud hayotini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi S.Rahimov – O‘rtaovul stansiyasi oralig‘ida temir yo‘l ko‘prigini qurish ishlariga start berildi. Mazkur loyiha hudud aholisi uchun uzoq yillar davomida dolzarb bo‘lib kelgan transport muammolarini hal etishga xizmat qiladi.

Qurilish ishlariga start berish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hudud faollari qatnashdi. Mas’ullar ta’kidlashicha, poyezdlar harakatining uzluksizligi sababli mazkur hududda avtomobillar va piyodalar harakatida bir qator noqulayliklar yuzaga kelayotgan, bu esa aholining ortiqcha vaqt yo‘qotishiga hamda harakat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarga sabab bo‘layotgan edi.

Endilikda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan mazkur masalaga yechim sifatida zamonaviy temir yo‘l ko‘prigi hamda xavfsiz va qulay aylanma avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida transport oqimining uzluksizligi ta’minlanib, aholi va haydovchilar uchun yanada qulay hamda xavfsiz sharoit yaratiladi.
A.Musayev, O‘zA