Zamonaviy ta’lim – zamonaviy yo‘l
Ta’lim sifatini yaxshilash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Zamon talabiga mos ta’lim tizimi nafaqat o‘qish, yozish, hisoblash kabi asosiy ko‘nikmalar, balki shaxsiy, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiluvchi bilimlarni ham nazarda tutishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 iyundagi “Maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari xodimlari kasbiy malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish vazifasi Abdulla Avloniy nomli Pedagogik mahorat milliy instituti zimmasiga yuklatilgan.
[gallery-20663]
Ushbu muassasa nafaqat PISA, balki PIRLS, TIMSS va TALIS kabi turli yirik xalqaro tadqiqotlarda ham mamlakatimizning munosib ishtirokini ta’minlash yo‘lida ish olib bormoqda. Ayni jarayonda muayyan tadqiqotlar orqali respublikamiz ta’lim tizimi holati baholanadi. Qolaversa, qiyosiy tahlil asosida ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladigan amaliy tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida tashkil etilayotgan seminar, treninglar shunday ezgu maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, pedagoglarimizda nufuzli xalqaro tadqiqotlar uchun zarur bilim va ko‘nikmani shakllantiradi. Bugun boshlangan navbatdagi mashg‘ulotlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi MMTV va hududiy boshqarmalardan 28, Hududiy pedagogik mahorat markazlaridan 65, jami 93 nafar mas’ul jalb etilgan.
Musulmon Ziyo, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA