“Zamonaviy ipak yo‘li” xitoy tili va kasbiy ko‘nikmalar markazining hamkorlikdagi faoliyati to‘g‘risida bitim imzolandi
Xalqaro inklyuziv kasb-hunar ta’limi markazida Xitoy Ta’lim vazirligining Til ta’limi va hamkorlik markazi, Sian neft-kimyo universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Asia Trans Gas” MCHJ QK o‘rtasida Xitoy tili va kasbiy ko‘nikmalar markazining hamkorlikdagi faoliyati to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida mehmonlar uchun markaz bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Ishtirokchilar zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan o‘quv xonalari, ustaxonalar va ijodiy studiyalar faoliyati bilan tanishdi. Bugungi kunda ushbu muassasada 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar xorijiy tillar va axborot texnologiyalaridan tortib, hunarmandchilik, dizayn hamda modellashtirishgacha bo‘lgan 30 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha bepul tahsil olishlari mumkin. Markaz yosh avlodning sifatli ta’lim olishi, iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishi va kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni taqdim etadi.
Marosimning rasmiy qismi tomonlar vakillarining qutlov so‘zlari bilan boshlandi. Shundan so‘ng tomonlar hujjat nusxalarini almashib, “Zamonaviy ipak yo‘li” Xitoy tili O‘zbekiston ustaxonasi markazining mustahkam poydevorini yaratdilar.

– Ushbu markaz o‘zbekistonlik yoshlar uchun xitoy tili va madaniyatini o‘rganish hamda kasbiy malakasini oshirish imkonini beruvchi kompleks platformaga aylanadi, – dedi “Asia Trans Gas” MCHJ QK bosh direktori Lyu Chjiguan.
Markazda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ta’limning ochiqligi va qulayligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. O‘quv xonalari ko‘rish qobiliyati cheklangan tinglovchilarga ta’lim berish uchun maxsus uskunalar, shu jumladan, Brayl printeri va klaviaturalari bilan jihozlangan. Bu yoshlarga qulay va inklyuziv ta’lim muhitida xitoy tilini o‘rganish hamda yangi bilimlarni o‘zlashtirish imkonini beradi.

Yaqin kelajakda Markaz xitoy tili, madaniyati va kasbiy ko‘nikmalarni o‘rgatish bo‘yicha kurslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirilgan. Uning faoliyati doirasida xitoy tili va kasbiy ko‘nikmalarni o‘rgatishga qaratilgan o‘quv dasturlarini yaratish hamda dars o‘tish uchun resurslar ishlab chiqiladi. Shuningdek, Markaz xitoy tilidan dars berish va Xitoy ta’lim muassasalaridagi o‘quv dasturlarida ishtirok etish uchun stipendiyalar olishda ko‘maklashib, kasb-hunarga tayyorlash kurslarini yo‘lga qo‘yadi.
Markazning hamkorlikdagi faoliyati to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, har ikki mamlakat talabalari va mutaxassislari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
O‘zA