Zamonaviy hisoblagichlar qulay va samarali
Buxoro viloyati Buxoro tumanida 19 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchilari istiqomat qiladi.
Tumanda bugungi kunga qadar 14 ming 929 nafar qarzdorga 5,634 milliard so‘mlik ogohlantirish xatlari taqdim etilgan. Ulardan 682 nafari qarzdorlikni vaqtida amalga oshirmagani uchun tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgan.
Aynan shu kabi holatlarga chek qo‘yish, muammolarni bartaraf etib borish maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJning tegishli buyrug‘iga asosan tuman “Qizil hudud”ga kiritildi hamda hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi. Tumandagi 3 mingga yaqin iste’molchiga hisoblagichlar o‘rnatildi.

– Bizning xonadonda ham yangi hisoblagich o‘rnatib ketishdi, – deydi “Rabotak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Gulchehra Tojiyeva.
– To‘g‘ri, oldin qarzdorligimiz bor edi. Hisoblagichni o‘rnatib ketguniga qadar to‘lovni amalga oshirdik. Uni o‘rnatish jarayonida xodimlar tomonidan tushuntirish ishlari ham olib borildi. Ayniqsa, qarzdorlik sabab o‘chib qolgan mahal gaz hisoblagichni xavfsizlik qoidalariga rioya etgan holda yoqish lozimligi alohida tushuntirildi. Biz – iste’molchilar doim, har qanday vaziyatda ehtiyotkorlik choralariga rioya etishimiz shart. Agar telefon raqamimizga kelgan qarzdorlik haqidagi xabarnomani shunchaki o‘qib emas, balki diqqat bilan o‘qib, qarzdorligimizni vaqtida to‘lasak, albatta, muammolar yuzaga kelmaydi. Tabiiy gazdan esa bir maromda foydalanamiz. Hisoblagichning afzalliklari juda ko‘p ekan. Ortiqcha ovoragarchiliklar yo‘q, kutishlar, navbatda turishlar. Xabar keladi, darrov uydan chiqmagan holda turli elektron mobil ilovalari orqali to‘lovni amalga oshiramiz. Bu tizim bizning to‘lov bilan bog‘liq madaniyatimizni oshirdi.
Hisoblagichlarni o‘rnatish jarayonida muammolarning oldini olishda mavjud imkoniyatlari to‘g‘risida tushuntirish-targ‘ibot ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA