Zamonaviy biolaboratoriyalar dehqonning ko‘makchisi
Qashqadaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda jurnalist va blogerlar dastlab biomahsulot yetishtirish jarayonlari bilan tanishish uchun Kasbi tumanida bo‘lishdi.
Aytish joizki, viloyat bo‘yicha jami 70 ta biolaboratoriya bo‘lsa, shundan vohadagi eng gigant 11 ta biolaboratoriya aynan Kasbi tumanida joylashgan. Dastlab press-tur ishtirokchilari tumandagi “Indorama agro” xorijiy agroklasterining biolaboratoriyasida biomahsulotlar ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich kuzatishdi.
“Mug‘lon” biolaboratoriyasi 2022 yilda tashkil etilgan. Xorijiy kompaniyaga qarashli 100 ming gektarga yaqin hududni biomahsulot bilan ta’minlaydi.
– Yiliga 120-150 kilogramm trixogramma, 100 million dona oltinko‘z, 100 million donada ortiq brakon yetishtiramiz, – deydi biolaboratoriya rahbari Otabek Polvonov. – 20 nafar mutaxassis ishlaydi. Kompaniyamiz tasarrufidagi zamonaviy texnologiyalar asosidagi biolaboratoriyalar Nishon tumani hamda Sirdaryo viloyatlarida ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Keyingi manzil tumandagi “Shirinov Rashid Rahimovich” biolaboratoriyasining xonadondagi shoxobchasi bo‘ldi.
Ushbu biolaboratoriyada yetishtirilayotgan biomahsulotlarni tayyorlash jarayoni, shart-sharoitlar bilan tanishtirildi. Biomahsulotlarni ishlab chiqarishdan tortib dalaga qo‘yish jarayonigacha bo‘lgan bosqichlar dala sharoitida ko‘rsatildi.
[gallery-17943]
– Menga hashoratlar uy, to‘yxona, ishlab chiqarish ob’ektlari qurib berdi, – deydi tadbirkor, biolaboratoriya rahbari Rashid Shirinov. – 2005 yilda faoliyatimizni kichik bir xonada biomahsulot yetishtirishdan boshlaganmiz. Hozir 2 ta hududda katta sig‘imli biolaboratoriyalarimiz bor. 50 nafarga yaqin doimiy, yana shuncha mavsumiy ishchilarimiz bor. Ularga 3-4 million atrofida oylik to‘laymiz. “Agrolab” o‘simliklar klinikamizda ham ish qizg‘in. Fermer, dehqonlarga biomahsulotlar yetkazib berish orqali yiliga 2 milliard so‘mga yaqin sof daromad qilamiz. Tuman markazidagi “Rahim ota” to‘yxonasi, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini ham mana shu biolaboratoriyamiz daromadidan bunyod qilganmiz.
Kunning ikkinchi yarmida jurnalist va blogerlar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasida bo‘lib, mobil biolaboratoriyasi, uning imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
– “Karantin xizmati – dehqonga ko‘makchi” shiori ostida Qashqadaryo viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan, – deydi fitosanitar laboratoriya mudiri Abdulatif Shodiyev. – Ko‘chma va mobil laboratoriyalar hudulardagi dala maydonlarining o‘zidayoq fermer, dehqon, aholi tomorqa yer egalari uchun xizmat ko‘rsatib, nazorat- tahlil ishlarini olib borishmokda. Tuproq namunalari va zararli organizmlar o‘rganilib, kurash choralari ko‘riladi. Viloyatda 2020-2021 yillarda 34 ming gektar maydondan tuproq namunalari olinib, tahlil kilingan bo‘lsa, 2022-2023 yillarda 220 ming gektar, joriy yilning shu davriga kadar esa agrokimyoviy tahlil ishlarini olib borish bo‘yicha shartnomalar tuzilib, hozirgacha 200 ming gektarga yaqin hududda tahlillar o‘tkazildi. Shuningdek, yer egalariga yanada qulay bo‘lishi uchun mobil laboratoriyalar mavjud. Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi agrokimyoviy tahlil markazi agentlik tizimiga o‘tganidan so‘ng 26 xil turdagi yangi zamonaviy jihoz va uskunalar olib kelinib, sohaga bilimli va salohiyatli yosh kadrlar ham jalb etilgan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari