Zamonaviy apparat ish samaradorligini oshirdi
Buxoro viloyati Romitan tumani tibbiyot birlashmasi Yaponiya granti asosida 93 ming yevrolik zamonaviy tibbiyotda keng qo‘llanilayotgan EOP – ya’ni, ko‘p funksiyali, elektron optik kuzatuv uskunasini yutib olgan edi.
Neyroxirurgiya, neyrotravmatologiya, shuningdek, yurak qon-tomir kasalliklari jarrohligi sohasida yuqori texnologik operatsiyalar uchun mazkur “smart” uskuna beqiyos ahamiyatga ega. Bu uskuna bemor organizmiga daxldor nafaqat rentgen tasvirini, balki har bir “uchastkasi”dagi o‘zgarishlarni onlayn kuzatib, bu to‘g‘rida axborot berib borish imkoniga ega.
Yuqori aniqlikda ishlovchi apparat vositasida endilikda tuman tibbiyot birlashmasida umurtqa pog‘onasida turli kasallik va shikastlanishlar, vrach mutaxassislar tili bilan aytganda dekompressiyalovchi interlamina ektomiya, umurtqa faoliyatini tiklash va barqarorlashtirishga doir bir qadar murakkab jarrohlik operatsiyalarini mahalliy sharoitda o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

– Masalan, Romitan tumani markazida yashovchi T.Adizov ko‘p yillardan buyon bel va oyoqlarida kuchli og‘riq, qolaversa, umurtqasidagi o‘zgarish va darddan aziyat chekib kelgan, – deydi tuman Tibbiyot birlashmasi Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokor–travmatologi Alisher Hamroyev. – U 2007 yilda umurtqa pog‘onasida disk churrasiga doir dastlabki jarrohlik operatsiyasini ham boshidan kechirib, sog‘ayish yo‘liga o‘tgan. Ammo oradan yillar o‘tib bemor 60 yoshga yetganida bu kasallik yana xuruj qilib, tayanch-harakat a’zolari imkoniyati cheklangan, fuqaro mustaqil yurolmaslik darajasiga yetgani bois kasalxonamizga yotqizilgan. Bir haftalik tashxis va o‘rganishlar natijasida bemorda disk churrasining o‘sishi va orqa miya asab tizimining qisilishi bilan bog‘liq kasallik aniqlandi. Bu nisbatan murakkab jarrohlik operatsiyasini, ya’ni umurtqa pog‘onasini ochib, disk churrasini bartaraf etgan holda uning 3 ta bo‘g‘iniga bir nechta metall moslamani o‘rnatishni taqozo etardi. Shu jarayonda bizga Yaponiyaning EOP apparati juda qo‘l keldi.
So‘nggi ikki yilda bunday jarrohlik operatsiyasi tumanda yigirmaga yaqin o‘tkazilganiga qaramasdan, mazkur operatsiya biz uchun ham zamonaviy uslubdaligi bilan ham yangilik, ham o‘ziga xos sinov bo‘ldi. Operatsiyasida respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Reabilitatsiya ilmiy markazi neyrotravmatologi S.Saidov va boshqa yuqori malakali mahalliy shifokorlar yaqindan yordamlashdi.
Qariyb 2,5 soat davom etgan jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tgan. Uning har bir daqiqasi va jarayon yapon apparati vositasida onlayn kuzatib borildi. Zarur chora-tadbir ko‘rildi. Bemor umurtqa pog‘onasidagi nuqson bartaraf etildi. Unga ko‘p yilga xizmat qilishi kafolatlangan 6 ta, zanglamas jajji metall moslama mustahkamlandi.
Og‘ir operatsiyani boshidan o‘tkazganiga qaramasdan, bemor ikki kundan so‘ng sekin-asta oyoqqa turib, yurishni mashq qilmoqda. O‘zining aytishicha, uni ko‘pdan bezovta qilib kelgan belidagi og‘riq yo‘qolgan.
Zarif Komilov,
O‘zA