“Zakovat” g‘oliblari pul mukofoti bilan taqdirlandi
Yoshlar ijod saroyida Yoshlar ishlari agentligi hamda “Zakovat” intellektual klubi NNT hamkorligida mahallalardagi yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar o‘rtasida intellektual o‘yinlarni rivojlantirish, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida tashkil etilgan musobaqada 294 nafar yoshlar ishtirok etdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda yurtimiz bo‘ylab barcha tuman va shahar, ta’lim muassasalari, tashkilot va idoralarda faoliyat olib borayotgan yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha turli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Bu kabi sa’y-harakatlar natijasida yoshlar o‘rtasida intellektual o‘yinlarga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda. Ularning qiziqishini qo‘llab-quvvatlash va yanada oshirish maqsadida sog‘lom raqobat ruhida o‘tkaziladigan intellektual o‘yinlarning o‘rni va ahamiyati katta.
Shu kabi omillarni inobatga olgan holda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Yoshlar ishlari agentligi hamda “Zakovat” intellektual klubi NNT hamkorligida bir yilning o‘zida ikkinchi marta mahallalardagi yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.

Ahamiyatli jihati shundaki, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan “Zakovat” bahslari besh bosqichda, jumladan, mahalla, sektor, tuman, hududiy va respublika bosqichlaridan iborat shaklda tashkil etildi.
Turnirning noyabr oyida o‘tkazilgan tuman bosqichida jami 2 ming 496 ta jamoa va 17 ming 472 nafar yoshlar ishtirok etdi. Ushbu bosqichda respublikagi har bir tumandan bittadan eng kuchli jamoa turnirning hududiy bosqichiga yo‘l oldi.

Hududiy bosqich o‘yinlari 208 ta jamoa va 1 ming 456 nafar yoshlarni qamrab oldi. Ushbu bosqichda har bir hududdan uchtadan eng kuchli jamoa respublika bosqichiga yo‘llanma oldi va shu tarzda butun respublika bo‘ylab jami 42 ta jamoa va 294 nafar bilimdonlar respublika bosqichida qatnashadigan bo‘ldi.
Shunga ko‘ra, final bosqichining g‘olib va sovrindorlari munosib tarzda mukofotlandi. Xususan, yakuniy bosqichda birinchi o‘rin g‘olibligini qo‘lga kiritgan jamoa 100 million so‘m pul mukofoti, ikkinchi o‘rin 60 million so‘m pul mukofoti, uchinchi o‘rin sohiblari 40 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA