“Zakovat” g‘olibi aniqlandi
Guliston shahridagi viloyat yoshlar markazida “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi kubogi” uchun “Zakovat” intellektual o‘yinining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Bilim, mantiqiy fikrlash va tezkorlikni talab etgan musobaqa O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Sirdaryo viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Zakovat” intellektual klubi hamda boshqa hamkor tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy kechgan bellashuvda viloyatning 11 ta shahar va tumanidan 22 ta jamoa ishtirok etdi. Jamoalar nafaqat bilim va salohiyatini, balki tezkor fikrlash, mantiqiy yondashuv va jamoaviy qaror qabul qilish qobiliyatini ham namoyish etdilar.
Intellektual bellashuv davomida ishtirokchilarga turli sohalarga oid savollar berilib, har bir jamoadan aniq va tezkor javob talab qilindi. Ayrim savollar ishtirokchilarni chuqur mushohadaga chorlagan bo‘lsa, ba’zilari zukkolik va tezkorlikni sinadi. Shu tariqa, har bir ochko uchun kechgan keskin raqobat musobaqaga yanada qiziqarli tus berdi.
[gallery-30923]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Guliston tumanidagi “Zarbdor” mahallasi jamoasi munosib o‘yin ko‘rsatib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
2-o‘rin Guliston shahridagi “Bo‘ston” mahallasi jamoasiga, 3-o‘rin esa Yangiyer shahridagi “Shukrona” mahallasi jamoasiga nasib etdi.
Shu tariqa, Guliston tumani va Guliston shahri jamoalari “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
Mazkur musobaqa mahallalarda yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etish, ularni bilim va izlanishga rag‘batlantirish, shuningdek, faol va tashabbuskor yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zero, “Zakovat” — shunchaki savol-javob bellashuvi emas. U yoshlarni o‘qish, izlanish, tahlil qilish, jamoa bilan fikr almashish va har bir qarorni mantiq asosida qabul qilishga undaydi. Sirdaryodagi viloyat bosqichi ham ana shu jihatlari bilan ishtirokchilar uchun haqiqiy bilim va tafakkur maydoniga aylandi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA