Zafar muborak, buxorolik gʻallakorlar
Buxoro viloyatida bevosita gʻallachilikka ixtisoslashgan 2 ming 860 ta fermer xoʻjaligi tasarrufidagi 60 ming 600 gektar maydonda bugʻdoy yetishtirildi.
Buxoro viloyatida bevosita gʻallachilikka ixtisoslashgan 2 ming 860 ta fermer xoʻjaligi tasarrufidagi 60 ming 600 gektar maydonda bugʻdoy yetishtirildi. Davlat shartnoma rejasiga muvofiq 179 ming 683 tonnalik gʻalla xirmoni bunyod etildi.
Prezidentimiz boshchiligida gʻallachilikda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida, viloyatda 12 ming gektar yerda 9 ta gʻallachilik klasteri tashkil etildi. Ularga 3,8 ming gektar yer toʻgʻridan-toʻgʻri ajratildi. 8,1 ming gektar gʻalla maydoni mavjud 508 ta fermer xoʻjaligiga biriktirib berildi. Bu esa xoʻjaliklar moddiy manfaatdorligini oshirish, elimiz dasturxoni toʻkinligini taʼminlashda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Yaratilgan xirmonning 122 ming tonnasi sara urugʻlik navlariga qabul qilindi. Buning uchun joylarda tashkil etilgan mexanizatsiyalashtirilgan otryadlardagi “Case”, “Class” “Claass Dominator”, “Nyu Holland”, “Viktor” rusumli jami 191 ta kombayn va otryadlar kuchidan unumli foydalanildi. Donni tashishga 955 ta texnika vositasi, yana 73 ta yoqilgʻi tashishga moʻljallangan avtomashina jalb etildi.
Bu yil ham anʼanaga muvofiq, gʻallachilikda yaqqol peshqadamlikni qoʻldan boy bermay kelayotgan viloyatning kenja tumani Qorovulbozordan boshlandi. Choʻlquvarlar hududining “Jarqoq”, “Navbahor”, “Boʻzachi” MFYlarida faoliyat olib borayotgan jami 147 ta fermer xoʻjaligida yalpi 5 ming 525 gektarda yetishtirilgan bugʻdoy parvarishidan davlat shartnoma rejasida belgilangan 13 ming 858 tonna oʻrniga 14 ming tonnadan oshirib sara don davlat omboriga kiritildi.
Shuningdek, peshqadamlardan Vobkent, Peshkoʻ, Gʻijduvon tumanlarining gʻallakorlarini ham alohida eʼtirof etish oʻrinli.
– Hisob-kitoblarga koʻra, joriy mavsumda oʻrtacha 1 gektar maydonda yetishtirilgan sara don sarf-xarajati 7 million soʻmdan oshdi, – deydi viloyat Qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi Rustam Norov. – Olinayotgan foyda esa gektariga 10 million soʻm atrofida. Bundan koʻrinadiki, oʻrim-yigʻim davrida har gektaridan oʻrtacha 50 sentner hosil koʻtarilgan taqdirda, viloyat yalpi gʻallazorlaridan qoʻlga kiritilishi kutilayotgan daromad salmogʻi 540 milliard soʻm, bundan qoʻlga kiritiladigan sof foyda 190 milliard soʻmga yetishi kutilmoqda.
Viloyatda gʻalla hosilidan boʻshagan maydonning 49 ming gektarida takroriy ekin ekish ishlari boshlab yuborilgan. Bu borada har bir tumanda maxsus ishchi guruhlari tomonidan kam taʼminlangan, moddiy madadga muhtoj oilalar, ishsiz yoshlar roʻyxati shakllantirilib, ularga dalada mehnat qilib, daromad topishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.