Zafar ilhomi
Mamlakatimizda yoshlarga mehr va e’tibor bugun yangicha ma’no-mazmun bilan boyidi. Yangi O‘zbekiston yoshlari bunday g‘amxo‘rlikka o‘z yutuqlari bilan javob bermoqda. Shu aziz Vatanga munosiblik mas’uliyati yoshlarimizning fan, sport, badiiy ijod, ilm-fan sohalaridagi yutuqlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Hamyurtimiz Javohir Sindorovning navbatdagi tarixiy yutugʻi — Kiprda oʻtayotgan Nomzodlar turniridagi (FIDE Candidates Tournament 2026) gʻalabasi buning yana bir isbotidir.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, atoqli ijodkor Qo‘chqor Norqobilning yangi she’ri Javohirning ushbu yutug‘idan olgan ilhomining namunasidir.
Niyat
Javohir SINDAROVGA bag‘ishlayman!
Yer sharining uchdan bir qismi
Turganida Bobom qo‘lida.
Ne bir shohlar qaltirab jismi
Bosh egdilar uning yo‘lida!
Shaxmatda ham Shoh edi Temur,
Ketgan omad qaytmog‘i ham bor...
Jahon tojin boshingga Yurtim
Kiygizadi Javohir Sindar!
Olam, tinch bo‘l! Olam, turgin tik!
To‘xtamasin zakovat jangi...
Daholikka da’vogar o‘zbek
O‘zgartirar dunyoning rangin.
Kurashadi oq-qora ochun,
O‘ngu so‘lda uchar adovat.
Ikki rangga bo‘linib nechun
Gul bargida titraydi hayot?!
...Dilga tushdi chaqmoqlar shahdi,
Uyg‘onmoqda ulug‘lar yodi!
Dunyo, yo‘l ber! G‘alaba ahdi
Ot surmoqda Temur avlodi.
Olam qotdi vaqt ummonida:
“Bu O‘g‘lonni to‘xtatar qay zot?!”
Ajdodlarim uning qonida
Zafar o‘tin yoqmoqdalar shod!
Hayot — shaxmat! Yo‘li oq-qora!
Goho titrar hovuchda jonim...
Parvardigor, shu yo‘llar aro
G‘olib o‘tsin O‘zbekistonim!
Qo‘chqor NORQOBIL