Yuz yillikka munosib tuhfa
Oʻzbekistonda davlat arxivlari tizimi tashkil etilganligining yuz yilligi munosabati bilan Pastdargʻom tumanida yangi arxivi binosi foydalanishga topshirildi.
Oʻzbekistonda davlat arxivlari tizimi tashkil etilganligining yuz yilligi munosabati bilan Pastdargʻom tumanida yangi arxivi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda “Oʻzarxiv” agentligi direktori M.Yusupov, Samarqand viloyati va tuman hokimligi masʼullari soʻzga chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Soha moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanishning zamonaviy usullarini joriy etish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi.
Yangi bino qurilish ishlariga mahalliy byudjetdan 1 milliard 158 million soʻm miqdorida mablagʻ sarflangan. Shuningdek, bino eng zamonaviy jihozlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlangan. Muhimi, bu yerda mobil javon mavjud.
– Bugungi kunda arxiv idoramizda 71 ming 564 ta saqlov birligidagi hujjatlar mavjud, 11 nafar xodim faoliyat koʻrsatmoqda, – deydi Pastdargʻom tumani davlat arxivi direktori Abdurazzoq Diyorov. – Keyingi ikki yilda 952 saqlov birligida hujjatlarning 58 ming kadr elektron varianti yaratildi. Hozirda bir oyda oʻrtagacha 300 nafarga yaqin odam turli yoʻnalishlar boʻyicha murojaat qilmoqda. Ularga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishga harakat qilyapmiz. Endi bu boradagi imkoniyatlarimiz yana ham kengaydi.
Tadbir davomida sohada sidqidildan xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar va faxriylarga agentlikning faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.