“Yurtning kuchi birlikda, qadri esa tinchlikda!”
Jizzaxda ushbu ezgu shior ostida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar o‘rtasida bir qator sport musobaqalari va ko‘rik-tanlovlarning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Favqulodda vaziyatlar vaziri kubogi uchun tashkil etilgan ushbu tadbirlar Favqulodda vaziyatlar, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalari hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, yoshlarning qobiliyat va mahoratini namoyon qilishi uchun sharoit yaratish, ularni “Qutqaruvchilik” kasbiga qiziqtirish hamda bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishini ta’minlash maqsadida uyushtirildi.
Musobaqa hakamlari va ko‘rik-tanlov hay’at a’zolari tomonidan ishtirokchilarga ushbu bellashuvlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, musobaqa va tanlovlarning Nizomi, shartlari, qonun va qoidalari haqida batafsil tushunchalar berildi.
[gallery-19709]
Shundang so‘ng “Yurtning kuchi birlikda, qadri esa tinchlikda!” shiori ostidagi musobaqalarning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 13 ta jamoadan 104 nafar musobaqa - tanlov ishtirokchisi bellashuv shartlari asosida o‘zaro bahsga kirishdi.
Musobaqa shartlariga ko‘ra, jamoalar “Men qutqaruvchiman” estafetasi, “Ijodiy taqdimot”, “Birinchi yordam ko‘rsatish”, “Dala chodirini tiklash” hamda voleybol, shaxmat, shashka va arqon tortish kabi shartlar bo‘yicha bellashdilar.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda yoshlar o‘zlarining har tomonlama tezkor va kuchli ekanligini namoyon etishga harakat qildi.
Yakunda musobaqani baholab borgan malakali va nufuzli hakamlar hay’ati hamda mutaxassislarning hulosalariga ko‘ra, musobaqalarning mutlaq g‘olibi sifatida 1-o‘rinni Jizzax shahar “Sayhon” mahalla fuqarolar yig‘inining “Sayhon burgutlari” jamoasi egalladi. 2-o‘rin Sharof Rashidov tumani “Uchtepa” MFYning “Uchtepa yoshlari” jamoasiga va 3-o‘rin Forish tumani Musoqul Orolov nomli MFYning “Turon” jamoasiga nasib etdi.
Musobaqa davomida “Eng hamjihat jamoa”, “Eng chaqqon qiz bola”, “Eng bilimdon jamoa” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
G‘olib, sovrindor va turli nominatsiya soxiblariga Favqulodda vaziyatlar vazirining kubogi hamda tashkilotchilarning diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari