“Yurt qayg‘usida 365 kun” nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yildagi sermahsul faoliyati aks etgan “Yurt qayg‘usida 365 kun” nomli kitob taqdimotiga bag‘ishlangan adabiy tadbir tashkil etildi.
Kitob taqdimotiga bag‘ishlangan anjumanda mamlakatimizning ijodkor ziyolilari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, ommaviy axborot vositalarining vakillari, ustoz jurnalistlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Orif, “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda vostoka” gazetalari bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorov, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev, Kinematografiya agentligi bosh direktori Shuhrat Rizayev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov mamlakatimizda kechayotgan islohotlar ortga qaytmasligi, ular har bir yurtdoshimiz hayotida o‘z ifodasini topayotgani, bugun Vatanimiz jahonda yangi O‘zbekiston sifatida tobora ko‘proq shuhrat qozonib borayotganini ta’kidladi.
– Bu olamshumul o‘zgarishlar Prezidentimizning yurtga, xalqimizga fidoyiligi, matonati, zahmatli mehnatlari, katta hayotiy tashabbuslarni ilgari surishi sababli yuz bermoqda, – dedi “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda vostoka” gazetalari bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorov. – Albatta, bu ijobiy o‘zgarishlarni bir yoki ikki kitobda aks ettirish mumkin emas. Mamlakatimizda tub yangilanish jarayonlari barpo etila boshlaganiga bu yil 10 yil to‘ladi. Har kuni mamlakat taraqqiyoti, uning obodligi, tinchligi, dunyo bilan bo‘ylashishiga oid ko‘plab yangiliklar ro‘y bermoqda. Ular haqida kelgusida yana turkum kitoblar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
[gallery-29480]
Anjumanda e’tirof etilganidek, “Yurt qayg‘usida 365 kun” nomli kitob O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 davomidagi serqirra faoliyati, davlat boshqaruvi, xalqaro diplomatiya, iqtisodiy islohotlar, ekologik barqarorlik, ijtimoiy himoya, ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida amalga oshirgan ishlarini hujjatli manbalar, tahliliy sharhlar va fotolavhalar asosida jamlagan keng qamrovli to‘plam hisoblanadi.
Kitob mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarning tarixiy ko‘lami, davlat boshqaruvidagi yangi yondashuvlar hamda inson qadri ustuvor bo‘lgan taraqqiyot modelini aks ettiruvchi muhim siyosiy-hujjatli manba sifatida alohida ahamiyatga ega.
To‘plamning asosiy konsepsiyasi mamlakat taraqqiyotini davlat va jamiyat hayotidagi real o‘zgarishlar, strategik qarorlar va inson qadri ustuvor bo‘lgan siyosiy yondashuvlar asosida ochib berishga qaratilgan. Nashrda 2025-yil davomida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati izchil yoritilgan.
Xususan, kitob sahifalarida iqtisodiy o‘sish sur’atlari, investitsion faollik, eksport hajmining ortishi, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, “Yashil iqtisodiyot” siyosatini kengaytirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda yangi O‘zbekistonning global maydondagi nufuzi ortib borayotgani haqidagi muhim fakt va dalillar o‘rin olgan.
Shuningdek, mazkur kitobda davlat rahbarining bevosita xalq bilan muloqotlari, hududlarga tashriflari, xalqaro sammit va muzokaralardagi ishtiroklari, strategik sheriklik aloqalari, ekologiya, energetika, raqamli texnologiyalar, mudofaa, uy-joy siyosati, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotga oid tashabbuslari yaxlit tarixiy jarayon sifatida talqin etilgan.
Nashr yil davomida yuz bergan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni muayyan xronologik ketma-ketlik asosida yoritadi. Kitob oylar kesimida tartiblangan bo‘lib, har bir oy avvalida Prezident faoliyatining asosiy yo‘nalishlari qisqacha jamlangan. Shuningdek, muhim voqealar, tashriflar, uchrashuvlar, videoselektor yig‘ilishlari, xalqaro muzokaralar, imzolangan hujjatlar, tashabbus va loyihalar alohida bo‘limlar kesimida batafsil sharhlangan.
Mazkur yondashuv kitobxonga yil davomida amalga oshirilgan islohotlar dinamikasini izchil kuzatish, davlat boshqaruvidagi ustuvor yo‘nalishlar qanday shakllangani va ularning o‘zaro uzviy bog‘liqligini yaxlit manzarada anglash imkonini beradi.
Kitobda statistik ma’lumotlar, tahliliy sharhlar, iqtiboslar, xalqaro munosabatlarga oid faktlar, fotolavhalar hamda QR-kodlar orqali taqdim etilgan qo‘shimcha materiallarning uyg‘un qo‘llanilishi nashrning axborot salmog‘ini yanada oshiradi.
“Yurt qayg‘usida 365 kun” nashri keng kitobxonlar ommasi bilan bir qatorda siyosatshunoslar, tarixchilar, tadqiqotchilar, xalqaro munosabatlar mutaxassislari, jurnalistlar, talaba-yoshlar hamda yangi O‘zbekistondagi islohotlar jarayonlarini chuqur o‘rganishga qiziquvchi mutaxassislar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘.Hayitov (suratlar), O‘zA muxbirlari