Yuriy Gagarinning sevimli xonandasi kim edi?
Jahonning birinchi kosmonavti Yuriy Gagarin 1963 yil 31 dekabr kuni yangi yil bazmida boshlovchining «Eng sevimli xonandangiz kim?» degan savoliga: «Mening yaxshi ko‘rgan qo‘shiqchim Botir Zokirov», deb javob bergan ekan.
Fazogir Toshkentga kelganida Botir Zokirovni ko‘rish istagini bildiradi, ammo o‘zbek qo‘shiqchisi xizmat safarida bo‘lganligi sababli uyiga kelib, onasi Shohista opani ko‘rib ketgan.

Buni menga O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov akasi haqidagi iliq xotiralar bilan o‘rtoqlashayotgan paytida aytib berdi. Bugun insoniyatning madaniy taraqqiyotida o‘z muhrini bosib keta olgan milliy estradamizning asoschisi, mashhur san’atkorning serqirra ijodini yana bir bor yodga oldik.
Prezidentimizning 2020 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Botir Zokirov nomidagi zamonaviy estrada qo‘shiqchilar tanlovini yuqori saviyada tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Farrux Zokirov bilan fikr almashdik.
Jamol Nosirov,
Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari.
* * *
PS: Darhaqiqat, O‘zbekiston xalq artisti, ustoz san’atkor Botir Zokirov nainki O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda tan olingan, e’tirof etilgan xonanda edi. Prezidentimizning xonanda tavalludining 85 yilligini mamlakatimizda keng nishonlashga oid tashabbusi Botir Zokirov xotirasiga bo‘lgan cheksiz ehtiromning amaliy natijasidir.
O‘zA