Yuridik universitetda xorijlik professorlar ta’lim bermoqda
Yurtimizda ilk marotaba xalqaro darajadagi huquq sohasi mutaxassislari va professorlar Toshkent davlat yuridik universitetida 2020 yil 1 dekabrdan boshlab ta’lim berishni boshladi.
Prezidentimizning 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash va xalqaro darajada faoliyat yuritadigan malakali yuridik kadrlarni tayyorlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti yangi loyihani yo‘lga qo‘ydi.
Unga ko‘ra, endilikda AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Shveysariya, Sloveniya, Avstraliya, Polsha, Turkiya kabi dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlaridagi nufuzli tashkilotlar mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari TDYUUda ham faoliyat yuritadi.
20 nafar yuqori malakali mutaxassis intellektual mulk huquqi xalqaro atrof-muhit va energetika huquqi, sport va ommaviy axborot vositalari huquqi, qiyosiy konstitutsiyaviy huquq, xalqaro investitsiya huquqi, qiyosiy koorporativ huquq, xalqaro tijorat arbitraji, xalqaro biznes huquqi, xalqaro moliya va bank huquqi kabi fanlardan talabalarga saboq beradi.
Mashg‘ulotlar ingliz tilida olib boriladi.
Muattar Burhonova, O‘zA