Yuridik taʼlim sohasida hamkorlik
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda oliy yuridik taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda oliy yuridik taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Sohada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, yaʼni akademik almashinuvni joriy etish, turli ilmiy loyihalarni yetakchi xorijiy universitetlar bilan birga amalga oshirish, nufuzli oliy yuridik taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari bilan hamkorlikda oʻquv adabiyotlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga milliy yuridik taʼlim va fanni xalqaro darajaga olib chiqish, ularning raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha muhim vazifalar belgilandi.
Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida koʻrilgan dastlabki chora-tadbirlar natijasida Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi, Xalqaro yuridik maktablar assotsiatsiyasi va Yevropa huquq fakultetlari assotsiatsiyasiga toʻlaqonli aʼzolikka qabul qilindi.
Yevropa yuridik fakultetlar assotsiatsiyasi 150 dan ortiq aʼzoga ega, Yevropada yuridik taʼlim sifatini oshirish maqsadida muhokama va almashinuv maydonchasini taqdim etish uchun tashkil etilgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Assotsiatsiyaning asosiy faoliyati yuridik taʼlimni isloh qilish jarayonini muvofiqlashtirish, yangi standartlarni ishlab chiqish, universitetlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, huquqshunoslar uchun ish beruvchi hisoblangan tashkilotlar bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlashdan iboratdir.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, Toshkent davlat yuridik universiteti oldiga qoʻyilgan, zamonaviy va salohiyatli yuridik kadrlarni yetishtirish vazifasini amalga oshirishda nufuzli xorijiy oliy yuridik taʼlim muassasalari bilan Yevropa yuridik fakultetlar assotsiatsiyasi doirasida hamkorlik qilish koʻzda tutilmoqda.
Bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universitetida Nagoya universiteti (Yaponiya) bilan hamkorlikda tashkil etilgan Yapon huquqini oʻrganish markazi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Regensburg universiteti (Germaniya Federativ Respublikasi) bilan 2020-yilda nemis tili va huquqini biladigan yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashga qaratilgan Nemis huquqi va qiyosiy-huquqiy tadqiqotlar markazini ochish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Qolaversa, Buyuk Britaniya va Xitoy Xalq Respublikasi oliy taʼlim muassasalari bilan ingliz va xitoy huquqini oʻrganish markazlarini tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.
Shuningdek,universitetni 2030-yilgacha xalqaro tan olingan tashkilotlar reytinglaridagi eng yaxshi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish maqsadida universitet jamoasi tomonidan oʻquv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida tashkiliy jihatdan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda talabalarning fanlarni tanlash imkoniyatini taʼminlovchi ECTS Yevropa kredit tizimini joriy etish muhim sanaladi. Shuningdek, “Ikki tomonlama diplom” taqdim etishni nazarda tutuvchi qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, xorijiy oliy taʼlim muassasalariga doktoranturaga yuborish, yetakchi chet el mutaxassislarini universitetda oʻtkaziladigan oʻquv va ilmiy tadbirlarga jalb etish orqali xalqaro hamkorlikni kengaytirish ham muhimdir.
Ayniqsa, oʻquv jarayonida amaliyotga yoʻnaltirilgan va munozarali mashgʻulotlar oʻtkazishni kuchaytirish, boʻlajak huquqshunoslarning tanqidiy fikrlash va notiqlik sanʼatini rivojlantirishiga alohida eʼtibor qaratish zarur.
Koʻplab rivojlangan davlatlar oliy yuridik oʻquv muassasalarida klinik taʼlim joriy etilgan boʻlib, bunda talabalar oʻquv jarayonining oʻzidayoq yuridik klinikada amaliyot bilan shugʻullanish imkoniga ega boʻladi. Bu tizimning ijobiy jihati shundaki, bitiruvchi amaliyotga talabalik davridanoq tayyorlab boriladi.
Yevropa yuridik fakultetlar assotsiatsiyasi doirasidagi hamkorlik Toshkent davlat yuridik universitetiga ilmiy va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida ham qator imkoniyatlarni taqdim etishi kutilmoqda. Hozir universitetda chop etiladigan jurnallarning xalqaro miqyosdagi mavqeini koʻtarish maqsadida ularni yetakchi ilmiy bazalar (RINS, DOI, Scopus)ga bosqichma-bosqich kiritish, kelajakda ushbu jurnallarning alohida sonlarini xorijiy davlatlardagi nufuzli ilmiy yuridik jurnallar bilan hamkorlikda nashr ettirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Universitet rahbariyati va jamoasi tomonidan Yevropa yuridik fakultetlar assotsiatsiyasidagi hamkorlik doirasida milliy va xalqaro olimpiadalarni tashkil etish, xalqaro tanlovlarga talabalarni tayyorlash, chet tillarida taʼlim beriladigan maxsus akademik guruhlar oʻquv jarayoniga xorijiy olim va mutaxassislarni jalb qilish kutilmoqda.
Muxtasar aytganda, mazkur aʼzolik Toshkent davlat yuridik universitetida yuridik taʼlim va fanni xalqaro darajaga olib chiqish, jahonning ilgʻor tajribalarini qoʻllash, Yevropa kredit tizimini samarali joriy etish, oʻquv dasturlarini takomillashtirish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni faollashtirish imkonini yaratadi, shuningdek, universitet dunyoning eng yaxshi universitetlari xalqaro reytingiga kirishiga xizmat qiladi.
Goʻzal UZOQOVA,
TDYUU ekologiya huquqi kafedrasi mudiri.