Yunusobodda daraxtlar kesib yuborilgani rostmi?
Yurtimizda atrof-muhitni asrash, yashil maydonlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili kamida 200 million tup daraxt ekish nazarda tutilgan. Butun mamlakat bo‘ylab yashil maydonlar hajmini 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Bu boradagi amaliy sa’y-harakatlar bilan birga, mavjud yashillikni, daraxt va butalarni asrab-avaylash ham eng dolzarb masalalardandir. Afsuski, tabiat majoziy ma’noda insoniyatdan o‘z o‘chini olayotganiga qaramay, unga zarar yetkazish, daraxtlarni kesishga urinishlar hamon davom etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yunusobod tumani Shahriston mahallasi hududida qurilish ishlarini olib borish maqsadida yer maydoni o‘rab olingani va daraxtlar kesib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Islom Xushvaqtov tomonidan yer maydoni ajratilishida qonun talablariga rioya qilingani, ushbu hududda qurilish ishlarini olib borish va daraxtlarning kesilishi qonuniyligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga «Deputat so‘rovi» yuborildi.
M.Komilova, O‘zA