Yuksalish yo‘lida ildamlayotgan korxona
Mamlakatimiz sanoati va energetika salohiyatini yuksaltirishda “Navoiyuran” davlat korxonasining “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni muhim o‘rin tutadi.
Mazkur bo‘linma tarkibidagi Sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi 1985 yil 20 oktyabrda faoliyatini boshlagan bo‘lib, yurtimiz kimyo sanoatidagi ilk yirik inshootlardan biridir. Ishga tushirilgan paytda sexning ishlab chiqarish quvvati yiliga 500 ming tonnani tashkil etgan bo‘lib, bu quvvat hozirgacha barqaror saqlanib kelmoqda.

– Sexning asosiy vazifasi uran mahsulotini ishlab chiqarish jarayonida qo‘llaniladigan sulfat kislotasini mahalliy sharoitda tayyorlash hamda sanoat tarmoqlarini ushbu muhim kimyoviy modda bilan ta’minlashdan iborat, – deydi sex boshlig‘i Erali Vasiyev. – So‘nggi qirq yil mobaynida sexda jami 15,4 million tonnadan ortiq sulfat kislotasi ishlab chiqarildi.

Bu mahsulotlar “Navoiyuran”DK ning geotexnologik konlari, “NKMK” AJning gidrometallurgiya zavodlari hamda sanoat zonasidagi kimyo-energetika korxonalariga yetkazib berilmoqda. 2011 yildan boshlab esa sexdagi asosiy texnologik uskunalar va qurilmalar to‘liq rekonstruksiya qilindi. Buning natijasida ishlab chiqarish quvvati tiklandi, ish samaradorligi oshdi.

So‘nggi yillarda sexda mahalliylashtirish dasturi hamda innovatsion loyihalar doirasida qator amaliy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, quritish-absorbsiya bo‘limi uchun yangi sovitkichlar, qumoqli oltingugurt bo‘limi uchun zamonaviy eritish qurilmalari o‘rnatildi. Chiqindi bug‘lardan qayta foydalanish orqali suv sarfini kamaytiruvchi kondensatorlar va ovoz so‘ndirgichlar joriy etildi.

Bundan tashqari, chiqindi bug‘idan foydalangan holda binolarni isitish va issiq suv ta’minoti tizimi qurildi. Geotexnologik konlar ehtiyojlari uchun “Ekstruder” qurilmalari, polietilen quvurlari ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yildi.


Hozirda sexda texnik qayta jihozlash va avtomatlashtirish loyihalari izchil amalga oshirilmoqda. Texnik jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimlari zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilinmoqda.

Ayni paytda sexda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar ishlab chiqarish chiqindilaridan qimmatli elementlarni qayta tiklash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Laboratoriya sharoitida ishlatilgan vanadiy katalizatoridan vanadiy pentoksidi olish texnologiyasi yaratildi. Bu yo‘nalish kelgusida ishlab chiqarishda xomashyodan tejamkor foydalanish va yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish imkonini beradi.
A.Bo‘riyev, O‘zA