Yuksak ishonchga munosib bo‘lamiz
Munosabat
Prezidentimiz shu yilning 30 iyun sanasida «Yoshlar kuni» munosabati bilan biz, yoshlar bilan yana bir bor uchrashdi.
Ushbu uchrashuv Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir yosh uchun yangi kuch, g‘ayrat va shijoat bergan uchrashuv bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Unutilmas muloqot davomida davlatimiz rahbari yoshlarning ijtimoiy siyosiy faolligini oshirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat boshqaruvi sohasiga jalb etishni ta’minlashda Parlamentlararo ittifoq ko‘magida «Biz parlamentda yoshlarni qo‘llab-quvvatlaymiz» ezgu tashabbusini amalga oshirish, ushbu tizim asosida yetuk va faol yosh yigit-qizlarni milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlar faoliyatiga kengroq jalb etish ko‘zlanganligini qayd etdi.
Shu bilan birga, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tavsiyasi asosida yosh, g‘ayratli va fidoyi o‘g‘il-qizlarni bundan buyon Oliy Majlis deputatlari va senatorlariga biriktirish masalasi kun tartibiga kiritildi.
Endilikda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatidagi kabi, mahalliy Kengashlarda ham Yoshlar parlamenti tizimi joriy etilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Bu esa o‘z navbatida, Respublikamizning barcha viloyat, shahar va tumanlaridagi jonkuyar, yurt taqdirini o‘z taqdiri bilan uzviy bog‘lagan yoshlarning o‘z imkoniyatlarini namoyon qilishi, soha bo‘yicha muammolarining yana ham tizimli tarzda o‘rganilishi, hal qilinishida ijobiy samara berishining kafolati hisoblanadi.
Shuningdek, mamlakatimiz iqtidorli yoshlari orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – «Kelajak liderlari»ni shakllantirish aytib o‘tilgani ham yoshlar uchun berilgan yuksak ishonch va katta hayotga qadam qo‘yishda imkoniyatdir.
Mamlakatimiz rahbari o‘z nutqida yoshlarga qarata «Sizlar tom ma’noda yurtimiz istiqboli, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorisiz», deya ta’kidlagani ham biz uchun juda katta mas’uliyat yuklaydi. Yanada faol va shijoatli bo‘lib, yurtimiz kelajagi va millatimiz ertasi uchun bor imkoniyatimizni safarbar etishga chorlaydi.
Biz, yoshlar albatta, yurtboshimizning bildirgan yuksak ishonchini oqlaymiz!
Ramziddin Tursunov,
Namangan Davlat universitetining Yoshlar Kengashi a’zosi.
O‘zA