Yuksak did – yuksak ma’naviyat ifodasi
Mamlakatimiz aholisining qariyb uchdan bir qismini o‘n to‘rt yoshdan o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ularni ma’naviy barkamol, yuksak axloqli, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash hayotiy masalalardan biridir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yosh avlodga bog‘cha, maktab va oliygohda sifatli ta’lim-tarbiya berishni yo‘lga qo‘yamiz, ular jismoniy va ma’naviy sog‘lom, vatanparvar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.”, – degan so‘zlari zamirida ham yosh avlodga bo‘lgan alohida e’tibor mujassam.
Mamlakatimizda joriy yilning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e’lon qilinishida ham yoshlarga doir davlat siyosatining ustuvorligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
bugungi shiddatli globallashuv, ommaviy madaniyat o‘z kuchini ko‘rsatayotgan bir davrda yurtimiz yoshlarini nafaqat ma’naviyatli, axloqiy fazilatlarga ega, balki yuksak did sohibi etib tarbiyalash ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, didsiz inson go‘zallikni, nafosatni his etish, undan estetik zavq olishdan yiroq bo‘ladi.
Did bu go‘zallik, nafosatni his etish, undan estetik zavq olish qobiliyatidir. Atrofimizda kechayotgan hodisa, turli xil holatlar e’tibor bilan kuzatilsa, ularning aksariyati did bilan bog‘liq ekani ayon bo‘ladi.
Biror bino hududidagi yashil olam, bino ichining amaliy yoki tasviriy san’at asarlari ishtirokida did bilan bezatilishi insonga zavq berishi, mehnat faoliyatiga ijobiy ta’sir qilishi isbotlangan.
Didning o‘z navbatida uch xil darajasi haqida fikr yuritish mumkin. Bu darajalar insonning mavqei, saviyasi, ma’naviyati va madaniylik toifasi bilan bog‘liq.
Birinchisi, ob’ektni qanday bilsa shundayligicha, aniq bir reallik tarzida idrok etuvchi mustaqil fikri yo‘q, biror ob’ektni hamma zo‘r desa, zo‘r ekan deb qaraydigan jo‘n idrok etishga asoslangan did.
Ikkinchisi, bejamadorlikdan, yaraqlab turadigan narsa-hodisalardan hayratlanadigan, modaparast did egasi.
Uchinchisi, milliy va umumbashariy estetik qadriyatlardan zavqlanadigan, ularni baholay oladigan, badiiy soddalikni anglay biladigan kishilar didi.
Bizga yuqorida ko‘rsatilgan uch xil did egalaridan qay birini tanlash emas, so‘nggisi ma’qul ekanligini anglash lozim.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, did tushunchasi estetika fani tarkibida o‘rganiladi. Estetika fani asrlar davomida inson kamoloti, jamiyat ravnaqi va davlat barqarorligiga xizmat qilib kelgan va jamiyatning yosh bo‘g‘inini tarbiyalashda o‘rni beqiyos.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 21 apreldagi "Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan Badiiy akademiya tasarrufidagi 15 ta ixtisoslashtirilgan san’at maktabi va maktab-internati hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab mazkur fanlar joriy etildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad, kelajagimiz egalari bo‘lmish yoshlarning yuksak didli inson sifatida jamiyatda munosib o‘rin olishiga, Vatan ravnaqiga xizmat qilishiga zamin yaratishdir.
Kamol Elmirov,
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.
O‘zA