Yoz mavsumining eng namunali oromgohlari
Bolalarni sogʻlomlashtirish yozgi mavsumi yakunlariga koʻra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodining “Neftchi” va Vobkent tumanidagi “Porloq kelajak” oromgohlari “Eng namunali bolalar oromgohi” koʻrik -tanlovida birinchi oʻrinni egalladi.
Bolalarni sogʻlomlashtirish yozgi mavsumi yakunlariga koʻra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodining “Neftchi” va Vobkent tumanidagi “Porloq kelajak” oromgohlari “Eng namunali bolalar oromgohi” koʻrik -tanlovida birinchi oʻrinni egalladi.
Mavsumni yuksak saviyada oʻtkazish, dam oldirish maskanlari faoliyatini yanada yaxshilash maqsadida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi va viloyat sogʻlomlashtirish komissiyasi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mavsum davomida shahar tashqarisidagi 15 ta oromgohda 7 ming 618 nafar, umumtaʼlim maktablari qoshidagi kunduzgi maskanlarda 12 ming 400 nafar bolalar sogʻlomlashtirildi.
–Joriy yilgi mavsumning oʻziga xosligi shundaki barcha madaniy -maʼrifiy va sport dasturlari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusga hamohang tarzda oʻtkazildi, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi boʻlim mudiri Adolat Akramova. –Toʻgaraklar mashgʻulotlari oʻgʻil-qizlarni vatanparvarlik, milliy gʻurur ruhida va barkamol insonlar qilib tarbiyalash, ularning kitobxonlikka, chet tillarni oʻrganish va sportga boʻlgan qiziqishlarini oshirishga yoʻnaltirildi. Bu borada orttirilgan tajribadan kelgusi yilgi mavsumni tashkil etishda keng foydalaniladi.
Taʼkidlash joizki, viloyatdagi iqtidorli oʻquvchilarning 400 nafari Qashqadaryo viloyatidagi “Lochin” va Toshkent viloyatidagi “Xumo” oromgohlarida dam oldi. Mavsumda 32- “Mehribonlik uyi“ tarbiyalanuvchilarining 115 nafari, shuningdek, 34 nafar nogiron bola hamda jamoa shartnomasi orqali 3040 nafar oʻgʻil -qiz bepul va imtiyozli sogʻlomlashtirildi.
Tadbirda yozgi dam oldirish va sogʻlomlashtirish mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etishda namuna koʻrsatgan korxona, tashkilotlar hamda oromgohlarda faoliyat yuritgan eng faol va tashabbuskor xodimlar ragʻbatlantirildi. “Eng namunali bolalar oromgohi” koʻrik-tanlovi hamda “Bolalarni dam oldirish va sogʻlomlashtirish mavsumi tashkilotchilari hamda bolalar oromgohlari xodimlari” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi.
Bundan tashqari, “Eng yaxshi oromgoh boshligʻi”, “Eng gʻamxoʻr homiy”, “Eng jonkuyar hokim”, “Eng yaxshi hamkor”, “Eng masʼuliyatli tashkilotchi”, “Eng namunali statsionar oromgoh” nominatsiyalari gʻoliblari viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat jismoniy tarbiya va sport, sogʻliqni saqlash va ichki ishlar boshqarmalari tomonidan qimmatbaho sovgʻalar va diplomlarga sazovor boʻldi.