«Yoshlik bahori» forumi g‘oliblari taqdirlandi
Toshkent shahrida joriy yilning 1-4-aprel kunlari madaniyat sohasida ilk bor «Yoshlik bahori» iqtidorli ijodkor yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi. Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur forumda respublikaning turli hududlaridan 14 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 600 nafardan ortiq iste’dodli yoshlar ishtirok etdi.
To‘rt kun davom etgan forum doirasida yosh ijodkorlar uchun qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan qo‘shiqlar tanlovi, «Xush kayfiyat» yosh askiya va qiziqchilar ko‘rik-tanlovi, yosh opera ijrochilari festivali, folklor jamoalari festivali, balet ijrochilari tanlovi, seminar-treninglar, mahorat darslari, motivatsion uchrashuvlar hamda ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun «Sumalak sayli» va yakuniy gala-konsert ham tashkil etildi.
Forumning yopilish va taqdirlash marosimi poytaxtdagi «Turkiston» saroyida bo‘lib o‘tdi. Unda madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov, soha vakillari hamda forum ishtirokchilari qatnashdi.

Tadbir davomida turli yo‘nalishlar bo‘yicha tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar taqdirlandi. Xususan, Amir Temurga bag‘ishlangan qo‘shiqlar tanlovida Jasurbek G‘aybullayev birinchi o‘rinni egalladi. «Yosh balet ijrochilari» tanlovida esa turli yosh toifalarida bir qator iste’dodli yoshlar g‘olib deb topildi.
«Yoshlik bahori» yosh opera ijrochilari festivali doirasida Oynoz To‘xtayeva «Eng yaxshi yosh ijrochi» deb topildi, Suxrob Jumayev va Bekzoda Suyonova esa mos ravishda «Eng yaxshi erkak» va «Eng yaxshi ayol ovozi» nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

«Askiya va qiziqchilik» yo‘nalishida Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa mahorat maktabi jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Folklor jamoalari o‘rtasida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining «Suu serper» jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham o‘nlab yosh ijodkorlar turli nominatsiyalar bilan taqdirlandi.

Ta’kidlanishicha, «Yoshlik bahori» forumi yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini ro‘yobga chiqarish hamda madaniyat va san’at sohasida yangi avlod vakillarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Forum kelgusida an’anaviy tarzda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Aziza Alimova, O‘zA