Yoshlarning sport musobaqasi
Jizzaxda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari hamda mahalla yoshlari jamoalari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha “Istiqbol kubogi” turniri o‘tkazildi.
Jizzaxda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari hamda mahalla yoshlari jamoalari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha “Istiqbol kubogi” turniri o‘tkazildi.O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, adliya, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati viloyat bo‘limi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat filiali hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hududiy tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda.
Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan turnirda 18 jamoa ishtirok etdi.
– Yoshlarni sportga keng jalb etishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi sektor mudiri Umurbek Bektemirov. – Turnirdan ko‘zlangan maqsad ham yoshlarning sportga qiziqishini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga hissa qo‘shishdir. Mahallalar yoshlarining katta qiziqish bilan ishtirok etgani ayniqsa e’tiborli bo‘ldi.
Birinchi o‘rinni Jizzax olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi egalladi. Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi “Sayiljoy” akademik litseyi yoshlariga ikkinchi o‘rin, Jizzax transport va aloqa hamda Jizzax yengil sanoat kasb-hunar kollejlari jamoalariga uchinchi o‘rin nasib etdi.