Yoshlarning IT-sohasiga qiziqishi ortmoqda
bugungi kunda yoshlarning axborot texnologiyalari hamda dasturlash sohasida ta’lim olishiga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bu jamiyatning intellektual va innovatsion salohiyatini yuksaltirish yo‘lida boshlangan ijobiy islohotlarning mantiqiy davomidir, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur dolzarb yo‘nalishdagi maqsadlarga erishishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish, soha bilan mashg‘ul yoshlar kontingentini ko‘paytirish, shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi 27-sonli Kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktabning informatika sinf xonasi zamonaviy kompyuter jihozlari va o‘quv mebellari bilan ta’minlanib, foydalanishga topshirildi.

bugungi kunda Sirdaryo viloyatida axborot texnologiyalarining o‘qitilishini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, mehnat bozorining malakali IT-mutaxassislarga bo‘lgan talabini qondirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Respublikada birinchilardan bo‘lib, 190 ta maktabgacha ta’lim va 315 ta xalq ta’limi obektlariga to‘liq optik tolali aloqa liniyalari tashkil etildi va yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati bilan ta’minlandi.

Guliston shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki – IT-parkning filiali tashkil etilib, texnoparkda mahalliy yoshlar, tadbirkorlar, yangi hunar o‘rganish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu yerda 15 dan ortiq axborot texnologiyalari sohasida xizmat ko‘rsatadigan korxonalarni joylashtirish bilan yuzdan ortiq ish o‘rni yaratildi.

Guliston shahridagi 1-sonli xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi tashkil etildi. Mazkur maktabda 2020-2021 o‘quv yili uchun 33 nafar, 2021-2022 o‘quv yili uchun 61 nafar o‘quvchi 7-sinfga qabul qilinib, jami 94 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.
2021 yilda 5 ta, 2022 yilda 3 ta va 2023 yilda 2 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Aholining raqamli texnologiyalarda ishlash ko‘nikmalarini oshirish maqsadida respublikada birinchilardan bo‘lib, viloyatning barcha tuman va shaharlarida jami 11 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etilib, 24 ta o‘qituvchi-trenerlar faoliyat olib bormoqda. Ushbu markazlarda kompyuter savodxonligi, dasturlash, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 2019-2020 yillarda 1 ming 319 nafar, 2021 yilda 1 ming 458 nafar jami 2 ming 777 nafar tinglovchi jalb qilinib, 1 ming 770 nafari tamomlagan.

Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatning barcha tuman va shaharlarida jami 100 dan ortiq turli tadbirlar o‘tkazilib, ushbu tadbirlarga 5 mingdan ortiq yosh jalb qilindi va IT sohasida yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishtirildi.
O‘zA