Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish – eng muhim masala
Toshkent viloyati Parkent tumanida yoshlar siyosatiga doir ishlarni samarali amalga oshirish, muammolarini tizimli o‘rganish, tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Tumanimiz aholisining 59 foizini yoshlar tashkil qiladi, – deydi Parkent tumani hokimi o‘rinbosari Nurali Nig‘matov. – Hozir hududda yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida “Yoshlar dasturi” ishlab chiqilgan. Bu dastur 2020-2021 yillarda turli yo‘nalishlarda oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarni o‘zida qamrab olgan. Shu bilan birgalikda, yoshlarni o‘zlari qiziqqan sohalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishi uchun monomarkazlarda maxsus darslarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. U yerda tahsil oluvchi yoshlar o‘qigan sohasi bo‘yicha ish faoliyatini boshlashi mumkin bo‘ladi.
Tumanda 5 ta “Yoshlar mehnat guzari” majmuasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Dastur boshlangandan buyon “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi hisobidan 7 ta loyihaga 990 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilib, 45 ta ish o‘rni yaratildi.

2021 yilda yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash maqsadida beshta muhim tashabbus doirasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib yoshlarning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirish choralari ko‘rilmoqda. O‘z navbatida, yuqori natijalarga erishayotgan yigit-qizlarning safi ortmoqda.
29-bolalar musiqa va san’at maktabida 441 nafar o‘g‘il-qiz musiqa, raqs, rassomlik, amaliy san’at va shu kabi 14 ta yo‘nalishda tahsil olmoqda. Maktab o‘quvchilari muntazam ravishda xalqaro va mamlakatimizda o‘tkaziladigan ijodiy tanlov, festivallarda faol ishtirok etadi.
Jumladan, 2019 yilda 2 nafar o‘quvchi Belarus davlatida an’anaviy xonandalik yo‘nalishida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi. Yana 2 nafar o‘quvchi Ozarbayjon davlatida bo‘lib o‘tgan yosh musiqachilar tanlovida ikkinchi o‘rinni egalladi. Aslida sanaydigan bo‘lsak, bu kabi iqtidorli o‘quvchilarning soni juda ko‘p. Bunday natijalarga erishishda ko‘p yillik tajribaga ega, malakali ustozlarning o‘rni juda katta.
– Bu yerda ko‘plab yoshlar naqqoshlik va amaliy san’at sirlarini o‘rganmoqda, – deydi qariyb 50 yildan beri shu sohada faoliyat olib borayotgan naqqosh usta Mirmahmud ota Mirabdullayev. – Yoshlar to‘garaklarda “ustoz-shogird” an’anasi asosida naqqoshlikning eng oddiy elementlaridan to murakkablarigacha o‘rganadi. Turli ijod namunalari orqali respublika ko‘rik-tanlovlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Bundan juda xursandmiz. Sababi milliy-madaniy merosimizning davomchilari endi ulardir.
Hozir mahallalarda aholini sport bilan shug‘ullanishi uchun “Street workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) maydonchalari tashkil etilayotir. Bundan tashqari, tuman Jismoniy tarbiya va sport bo‘limiga umumiy qiymati 22,8 million so‘mlik mebel jihozlari, kompyuter jamlanmasi olib berildi. Tumandagi mavjud 42 ta umumta’lim maktabida sport to‘garaklari tashkil etilgan. Shuningdek, aholining barcha qatlamlari o‘rtasida “Sog‘lom hayot sari 5000 qadam” shiori ostida haftaning har shanba va yakshanba kunlari ommaviy yurish tadbirlari tashkil etilmoqda.
4 ta sektor hududidagi 54 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi internet tarmog‘iga ulangan. Bu parkentlik yoshlarga kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish imkonini beradi.
Tumandagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida so‘ngi yillarda aniq fanlar bo‘yicha malakali yosh o‘qituvchilar dars berish uchun jalb qilindi. Shu bilan birga barcha fanlar bo‘yicha to‘garaklar faoliyat yuritayotir. Ayniqsa, informatika fani to‘garagiga qiziquvchilar ko‘p. Bu yerda yoshlarga dasturlash va boshqa IT yo‘nalishlarda amaliy darslar o‘tilmoqda.

– Mazkur sohaga qiziquvchi o‘quvchilarimiz juda ko‘p, – deydi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika va informatika o‘qituvchisi Hasan Erkinov. – bugungi kunda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida uzbekcoders.uz o‘quv portalida mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Mashg‘ulotlarda ma’lumotlarni tahlil qilish, android ilovalar, veb-ilovalar va dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha o‘zbek tilida subtitr vositasida bepul videokurslar taqdim etiladi. Buning natijasida o‘quvchilar hududiy fan olimpiadalarida yuqori o‘rinlarni egallamoqda.
Bugun tumanda o‘z tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan, jamiyatdagi o‘zgarishlarda faol ishtirok etib, tadbirkorlik qilayotgan g‘ayratli yoshlar juda ko‘p. Prezidentimizning 2020 yil 13 oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarning zarur texnologiya va uskunalar xarid qilishi uchun subsidiya ajratish, kredit va yer ajratish borasida ham Parkent tumanidagi sektor rahbari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Avvallari “Qoraqalpoq” mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar uchun sport maydoni, mini-stadion yo‘q edi. Ushbu muammoni yosh tadbirkor Umidjon Usmonov tizimli hal qilish maqsadida tuman hokimligidan kredit so‘rab qilgan murojaati ijobiy hal etildi.
– Mutasaddilar tomonidan mazkur qurilish uchun 12 sotix yer hamda imtiyozli kredit ajratildi, – deydi “Qoraqalpoq” MFYda yashovchi U.Usmonov. – Rejaga ko‘ra, sport maydonchasi joriy yilning dastlabki choragida foydalanishga topshiriladi. Sport kompleksi ishga tushirilgach mahalladagi barcha yoshlar sport bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratiladi.
Bu kabi faol tadbirkorlar qatorida “Dilfuza dizayn” oilaviy korxonasi rahbari Dilfuza Shamsiddinova hududdagi 50 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlagan. Ayni paytda korxonada 100 turdagi ayollar, erkaklar va bolalar uchun kiyim-kechaklar ishlab chiqariladi. Bu yerda kuniga 4 mingta mahsulot tayyorlanib, 100 foiz Rossiya davlatiga eksport qilinadi.

– 2020 yilda pandemiya bo‘lishiga qaramay korxonamizda ish bir zum ham to‘xtamadi, – deydi korxona rahbari D.Shamsiddinova. – Sa’y-harakatlarimiz bilan 1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqardik. Kiyimlarni tikishda mahalliy xomashyodan foydalanamiz. Joriy yilda faoliyatimizni kengaytirishni maqsad qilganmiz. Birinchi galda zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan, bozor talabiga mos milliy brendlarimizni tayyorlaymiz. Buning uchun yosh mutaxassislarimiz yetarli.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 yanvar kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida iqtidorli yoshlarni kashf qilish, ularning tashabbus va intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” loyihasi ilgari surildi. Loyiha doirasida shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, ta’lim, sport, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratiladi.
Parkent tumanida boshlangan amaliy chora-tadbirlar davlatimiz rahbarining yoshlar masalalarida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan tashabbuslari ijrosida muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Musayev, O‘zA