Yoshlarni zamonaviy bilim va kasblarga yo‘naltirish - davr talabi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan Toshkent temir yo‘l texnikumida “O‘zbekistonni malakali mutaxassislar mamlakatiga aylantirishda yoshlar ta’limi” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbirda Prezidentimizning yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, yoshlar bilan ishlash, kadrlar tayyorlash jarayonida xalqaro mehnat bozori talablarini hisobga olish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda milliy kadrlar zahirasini shakllantirish, yoshlarga nafaqat O‘zbekistonda, xalqaro mehnat bozorida ham talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni o‘rgatishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilyapti.

Shu maqsadda har yili yuzlab yoshlar, soha mutaxassislari davlat hisobidan xorijning eng nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuborilmoqda, malaka oshirishga yo‘naltirilyapti. Birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 2018-2025-yillarda 2 ming 300 nafarga yaqin stipendiat 45 ta mamlakatga ta’lim olishga yuborildi. Bugun ularning 1400 nafardan ortig‘i O‘zbekistonga qaytib kelib, iqtisodiyot, ta’lim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvi sohalarida faoliyat yuritmoqda.

Yurtimizda kasbiy ta’limning barcha darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda bunday ta’lim markazlarida xalqaro ta’lim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilyapti.
Joriy yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikumni to‘liq ta’mirlash, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda qayta tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Muloqotda partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, yoshlarning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash hamda ta’lim sifatini yana-da oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Texnikumda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, kasb-hunar ta’limida amalga oshirilayotgan islohotlar va ta’lim sifati masalalari ham o‘rganildi. Ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, yoshlarni zamonaviy bilim va kasblarga yo‘naltirish borasida amaliy taklif va tashabbuslarga e’tibor qaratildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA