Yoshlarni yot g‘oyalardan asrash kerak...
Forishda Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari tuman o‘quvchi-yoshlari bilan uchrashib, “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.
Tadbirda viloyat va tuman hokimliklari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Ma’naviyat-ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tuman vakillari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida viloyat hokimining o‘rinbosari Latifjon Ahmadjonov insoniyatni tashvishga solib kelayotgan diniy ekstremizmning oldini olish bugun ham dolzarb masalalardan ekanligini alohida ta’kidladi.

Statistika sohasi mutaxassislarining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha bir yilda 1 million 300 mingdan ortiq inson diniy ekstremizm jabrdiydasiga aylanar ekan. Eng achinarlisi, ushbu ma’lumotlarning katta qismi yoshlar bilan bog‘liq holatni qayd etgan. Bu esa har bir insonni yoshlar bilan tarbiya jarayonini yanada oshirishga undashi, bor e’tiborini ogohlikni kuchaytirishga qaratishi lozimligini taqozo qilmoqda.

bugungi globallashgan axborot jamiyatida hech bir qurolsiz va bosqinlarsiz ham ma’naviy va mafkuraviy hujumlar vositasida odamlarning tafakkuri, ongi va dunyoqarashini egallashga urinishlar tobora ko‘zga tashlana boshladi. Bu kurashda boshqa hudud va xalqlarni o‘ziga qaram qilish uchun ma’naviy buzg‘unchilik orqali ochiq ko‘rish va sezish qiyin bo‘lgan usul va vositalardan foydalanilayotganligi tadbir davomida aytib o‘tildi.

– Diniy ekstremizmga qarshi kurashni fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish tamoyilida olib borishimiz lozim, – dedi viloyat hokimining o‘rinbosari Latifjon Ahmadjonov. – Yurtimizdagi barqaror ijtimoiy – iqtisodiy vaziyat, kuchli ijtimoiy siyosat, milliy g‘oya negizida mafkuraviy tarbiya va ma’naviy – ma’rifiy targ‘ibot ishlari, xalqimizning o‘z e’tiqodiga sodiqlik tamoyillarini allaqachon aniq belgilab olinganligini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash olib borish, har birimizning shiorimiz va burchimiz bo‘lmog‘i shart.
Shuningdek, davra suhbati davomida ishtirokchilar viloyat ichki ishlar boshqarmasi terrorizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i, mayor Jasur Abdullayev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimi G‘ayrat Po‘latov, din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Forish tuman bo‘yicha bosh mutaxassisi Javohir Mamadaliyev, tuman ma’naviyat-ma’rifat markazi boshlig‘i Nodir Soliyevlarning mavzuga oid chiqishlarini ham katta qiziqish bilan tingladilar.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA