Yoshlarni birlashtirgan anjuman
Nurafshon shahrining markaziy stadionida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi festival o‘tkazildi.
Ko‘tarinki ruhda boshlangan tadbirda Toshkent viloyatining barcha hududlaridan 20 ming nafardan ortiq o‘g‘il- qiz jam bo‘ldi.
Dastlab Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev onlayn tarzda barcha yigit-qizlarni "Yoshlar kuni" bilan tabrikladi.

Qayd etilganidek, hozir viloyatning 1 ming 300 nafardan ziyod yoshlari nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qiydi. Mamlakatimizda ularni zarur ish bilan ta’minlash, iqtidorlarini namoyish etishga zamin yaratish choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, oxirgi bir yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan "Yoshlar daftari" a’zolarning bandligi uchun mingdan ortiq korxona ochildi. Oxirgi 3 yilda esa Toshkent viloyatidagi 6 ming gektar unumdor yer maydonlari dehqonchilik qilish istagida bo‘lgan yigit-qizlarga bo‘lib berildi. Natijada yosh tadbirkorlar safi kengaydi.

Viloyat hokimi yoshlarni hududda tashkil qilinayotgan turli musobaqalar, ko‘rik tanlovlar va ijtimoiy loyihalarda faol qatnashishga chorladi.
Shundan so‘ng Yoshlar ishlar agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanovlar ham o‘z tilaklarini bildirdi. Viloyatdagi turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan faol yoshlar, yoshlar yetakchilari taqdirlandi.

Tadbirlar doirasida dastlab intellektual o‘yinlar, turli tanlov va sport musobaqalari tashkil etildi. Unda faol ishtirok etgan yoshlar tashkilotlar tomonidan taqdirlandi.

Kechqurungi gala-konsertda mashhur estrada yulduzlarining chiqishlari, salyut-shou va turli ko‘ngilochar o‘yinlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
A. Musayev, O‘zA muxbiri