Yoshlarimiz Osiyo kubogi sari g‘alabali odimladi
O‘zbekiston U20 terma jamoasi 2027-yilgi Osiyo kubogi saralash bosqichidagi ilk uchrashuvida g‘alaba qozondi.
2027-yilning 24-mart – 10-aprel kunlari Xitoyda futbol bo‘yicha U20 Osiyo kubogi final bosqichi o‘tkaziladi. Qit’a birinchiligida 16 ta jamoa ishtirok etadi. Mezbon Xitoy terma jamoasidan tashqari 15 ta ishtirokchi saralash bosqichi orqali aniqlanadi.
Ayni damda mamlakatimiz saralash bosqichining “B” guruhidagi bahslariga mezbonlik qilmoqda. Darvoqe, ushbu guruhda O‘zbekiston, Suriya, Hindiston va Bangladesh U20 terma jamoalari o‘zaro raqobatlashmoqda.
Guruhdagi ilk tur uchrashuvlari doirasida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Bangladeshga qarshi bahs olib borib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Jamoliddin Rahmatullayev shogirdlari safida Quvonshbek Saydaliyev 20-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, 47-daqiqada Quvonchbek Abrayev jamoamizning ikkinchi golini kiritdi. Guruhning yana bir uchrashuvida Hindiston Suriyani 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Shu tariqa, birinchi turdan so‘ng Hindiston va O‘zbekiston hisobida 3 ochkodan mavjud.

Terma jamoamiz saralashdagi navbatdagi uchrashuvini 3-sentabr kuni Hindistonga qarshi o‘tkazadi. 6-sentabr kuni esa Suriyaga qarshi bahsda maydonga tushadi. Har ikki uchrashuv Toshkentdagi «Do‘stlik» stadionida soat 19:00 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyda o‘tkaziladigan U20 Osiyo kubogi 2027-yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. FIFA tomonidan Osiyo qit’asiga U20 Jahon chempionati uchun 4 ta yo‘llanma ajratilgan. Shu bois qit’a birinchiligining yarim finaliga chiqqan to‘rt jamoa Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
2027-yilgi U20 Jahon chempionatiga O‘zbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo kubogida qanday natija qayd etishidan qat’i nazar, mezbon sifatida jahon chempionatida ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA