Yoshlarimiz axborot texnologiyalari bo‘yicha xalqaro tanlovda shohsupaga ko‘tarildi
Xitoyning Shenchjen shahrida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Huawei ICT Competition 2025–2026” xalqaro tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov AKT sohasidagi eng yirik xalqaro ta’lim loyihalaridan biri bo‘lib, dunyoning turli mamlakatlaridan talaba va o‘qituvchilarni bir maydonga jamlaydi. Loyiha ishtirokchilarga kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmani oshirish, innovatsion g‘oyalar va texnologik yechimlarni namoyish etish imkoniyatini yaratadi.
Tanlov milliy, mintaqaviy va xalqaro bosqichlarda tashkil etildi. Joriy mavsumda dunyoning yuzdan ortiq mamlakatidagi 2 mingdan ziyod oliy ta’lim muassasasidan 210 mingdan ortiq talaba qatnashdi.
Qayd etish kerak, loyiha Xitoyning milliy talabalar musobaqalari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, YUNESKO Global malakalar akademiyasining flagman dasturi sifatida ham e’tirof etilgan.
Musobaqada O‘zbekiston nomidan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Inha universiteti hamda Turin politexnika universiteti jamoalari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar sun’iy intellekt, bulutli hisoblash va boshqa zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda ijtimoiy hamda tijoriy ahamiyatga ega masalalarning innovatsion yechimlarini taqdim etdi.
Final bosqichi yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston vakillari munosib natijalarni qayd etdi. Xususan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti jamoasi “Practice Competition – Network Track” yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Inha universiteti va Turin politexnika universitetining birlashgan jamoasi “Practice Competition – Cloud Track” yo‘nalishida uchinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.
Mazkur yutuq o‘zbekistonlik yosh mutaxassislarning axborot texnologiyalari sohasida yuqori salohiyatga ega ekanini yana bir bor namoyon qildi. Ularning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligi va kasbiy tayyorgarligi yuqori darajada ekani ushbu natijalar orqali o‘z tasdig‘ini topdi.
O‘zA muxbiri
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.