Yoshlarga qalb qo‘ri va mehrini baxshida etgan pedagog
Inson hayotda mehnati, olib borayotgan xayrli va ezgu ishlari bilan qadr topadi. Yana oramizda shunday insonlar borki, ular o‘z zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qo‘ri, mehrini baxshida etadi.
Andijon viloyati pedagogik mahorat markazi Aniq va tabiiy fanlar metodikasi kafedrasi professori, pedagogika fanlari doktori (PhD), Shoiraxon Ahmedova haqida so‘z ketganda beixtiyor yuqoridagi fikrlar keladi.
U Andijon davlat pedagogika institutini tamomlab, Andijon pedagogika bilim yurtida mehnat faoliyatini boshlagan. Keyinchalik boshqa qator ta’lim muassasalarida ishladi. Mana o‘ttiz yetti yildirki, u muallimlikning mashaqqatli va sharafli yo‘lini bosib o‘tmoqda.
E’tirof etish kerakki, turli ta’lim muassasalarida samarali mehnat qilgan ustoz pedagog faoliyati davomida bilim va malakasini oshirish uchun doimiy izlandi, o‘z ustida tinimsiz ishladi, o‘qidi, o‘rgandi, ko‘plab yutuqlarga erishdi.
U ish jarayonida noan’anaviy usullar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida dars o‘tishga alohida e’tibor qaratdi, uslubiy tavsiyanoma va qo‘llanmalar ishlab chiqdi. Uning informatika fani, zamonaviy axborot texnologiyalaridan dars jarayonlarida keng foydalanish borasidagi ilg‘or ish uslublari pedagoglar orasida keng ommalashgan.
Mehnat faoliyati davomida MDH davlatlari pedagoglari ishtirokida o‘tkazilgan 20 dan ziyod ta’lim forumlarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlar tomonidan ta’lim yo‘nalishida o‘tkazilgan seminar va anjumanlarda faol ishtirok etdi. U 1 ta monografiya, 3 ta elektron darslik (hammualliflikda), 3 ta o‘quv qo‘llanma, 9 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 12 ta ilmiy-uslubiy tavsiyanoma, 30 dan ortiq ma’ruza majmualari muallifidir.
U Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Umumiy pedagogika va psixologiya kafedrasida mustaqil tadqiqotchi sifatida “Informatika o‘qituvchilarining psixologik va ijodiy tafakkurini rivojlantirish” mavzusida doktorlik ishi ustida ilmiy-tadqiqotlar olib bordi, ilmiy ishni muvaffaqiyatli himoya qilib, pedagogika fanlari bo‘yicha doktor (PhD) ilmiy darajasini oldi.
Xalqaro tajriba almashish va malaka oshirish dasturlari, jumladan, Ozarbayjon va Fransiyadagi ta’lim loyihalarida faol qatnashgan ustoz olgan bilim va tajribalarini pedagoglar, shogirdlariga o‘rgatib kelmoqda.
Shoiraxon Ahmedova kasbining yetuk mutaxassisi, mohir va fidoyi o‘qituvchi, shu bilan birga, o‘zining tashkilotchiligi, ilm-fan yangiliklarini darslarga tatbiq etish borasidagi tashabbuskorligi bilan nafaqat o‘z jamoasida, balki viloyat pedagoglari orasida ham hurmat qozongan.
Tajribali pedagog ta’lim sohasidagi samarali mehnatlari, erishgan yutuqlari, izlanishlari uchun ko‘p bor Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, vazirligi va boshqa qator tashkilotlar tomonidan faxriy yorliq, tashakkurnomalar bilan taqdirlangan. Shoiraxon Ahmedova kuni kecha “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Mukofotlar muborak bo‘lsin.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri