Yoshlarga e’tibor – kelajakka e’tibor
Andijon viloyati aholisining qariyb 55 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Bugungi kunda butun mamlakatda bo‘lgani kabi viloyatda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, muammolarini hal etish, tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish, tarbiyasi og‘ir, jinoyatchilikka moyilligi bor yoshlar bilan ishlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilning birinchi yarmida “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 15 ming 856 nafar yoshlarning 9 ming 127 nafariga ko‘mak ko‘rsatildi. 1 ming 869 nafar yigit-qizning o‘qishi uchun to‘lov-shartnoma pullari to‘lab berildi. Umuman, yordam ko‘rsatilgan yoshlarning qolgan qismiga safarbarlik chaqiruv rezervi, zamonaviy kasblarni egallashi, ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlari tanlovlarida, fan olimpiadalarida qatnashish xarajatlari qoplab berildi. Hozirda viloyatda 6 ming 674 nafar yoshlarni “Yoshlar daftari” dan chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
– Yilning o‘tgan davrida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning muammolarini hal etish uchun 19 milliard 600 million so‘m mablag‘ sarflandi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Oybek Yuldashev. – Shundan 13 milliard 140 million so‘mi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi, 6 milliard 560 million so‘mi esa boshqa manbalar hisobidan amalga oshirildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, viloyatda 15 ming 51 nafar ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida “fuqarobay” yo‘l xaritalari ishlab chiqilgan. Bugungi kunga qadar ishsiz yoshlarning 10 ming 834 nafari yoki 72 foizining bandligi ta’minlangan. Ayni paytda 8 ming 683 nafar yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ham zarur ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda umumta’lim maktablarining 11- sinfini 34 ming nafarga yaqin yoshlar tamomladi. Hozirga qadar olib borilgan ishlar natijasida 25 ming 996 nafar bitiruvchining bandligini ta’minlandi. Joriy yilda viloyatdagi 66 ta professional ta’lim muassasalarni tamomlagan 16 ming 770 nafar bitiruvchining 11 ming 34 nafari “Ta’lim va mehnat bir maskanda” loyihasi doirasida viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalariga biriktirilgan va kelgusidagi ish joyi kafolatlangan.
[gallery-18957]
Tadbirkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Minglab yoshlarning turli yo‘nalish, sohalardagi tashabbus, biznes-reja va loyihalarini amalga oshirish uchun zarur yordam ko‘rsatilmoqda, kreditlar ajratilmoqda. Jumladan, Baliqchi tumanida yashovchi yosh tadbirkor Sardorbek Turdialiyevning biznes-rejasi qo‘llab-quvvatlandi. Unga 340 million so‘m kredit ajratildi.
– Tuman markazida xorijiy tillar hamda IT sohasini o‘qitishga ixtisoslashgan xususiy maktab tashkil etdim, – deydi yosh tadbirkor Sardorbek Turdialiyev. – Zamonaviy va barcha qulayliklarga ega muassasamizda yoshlarga rus, ingliz tillari, IT sohasi puxta o‘qitiladi. Ayni kunda bu yerda 600 nafardan ortiq yoshlar tahsil olmoqda.
Viloyatda bu kabi yoshlar juda ko‘p. Masalan, Marhamat tumani Sho‘rqaqir mahallasida yashovchi Boburjon Abdullayev ham ana shunday yosh tadbirkorlardan biri. U o‘ziga ajratilgan 33 million so‘m miqdordagi kreditdan foydalanib, tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirdi.
Boburjon o‘zi yashayotgan mahallada penoblok, shlakoblok mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, 10 nafarga yaqin mahalladoshini ish bilan ta’minlagan. Kelgusida u ishlab chiqarayotgan qurilish mahsulotlari turi va hajmini ko‘paytirishni reja qilgan.
Yoshlar bilan bevosita ishlash, yoshlar ishtirokidagi huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarga to‘la barham berish maqsadida viloyatdagi har bir mahallaga kamida bir nafardan huquq-tartibot va mudofaa organlari xodimlari biriktirildi, shaxsiy tarkib xodimlari tomonidan 301 mingta yoshlar otaliqqa olinadi.
Bugungi kunda mahallalardagi yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida har bir mahalladan uch nafardan, jami 2 ming 727 nafar harbiy xizmatga va harbiy kasbga qiziquvchi vatanparvar, fidoyi va faol yoshlarning ro‘yxati shakllantirildi. Ularni harbiy xizmatga tayyorlash va yuborish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Viloyatda jinoyat sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlarning ro‘yxati shakllantirilgan. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ro‘yxatga kiritilgan har bir yosh bo‘yicha alohida “harakatlar rejasi” ishlab chiqildi. Ular bilan manzilli ishlash va qo‘shimcha targ‘ibot ishlari olib borish natijasida joriy yilning o‘tgan davrida viloyatdagi 90 ta mahalla “Yoshlar jinoyatchiligidan xoli hudud” ga aylantirildi.
Yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning joriy yil mavsumini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ham zarur ishlar olib borilmoqda.
Viloyatdagi 734 ming nafardan ziyod “Besh tashabbus olimpiadasi”ning joriy mavsumdagi tadbirlarida qatnashish uchun onlayn platforma orqali ro‘yxatdan o‘tgan. Yengil atletika, stol tennisi va boshqa musobaqalarning respublika bosqichida andijonlik yoshlar 2 ta oltin, 4 ta kumush, 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 336 nafar yoshning zamonaviy kasblarga o‘qishi, mahalliy va xalqaro olimpiadalarda qatnashishi uchun 1 milliard 956 million so‘mdan ziyod xarajatlar “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan qoplab berildi. Shuningdek, yoshlar “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa” kabi loyihalarga jalb etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyatida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha belgilangan ishlar reja asosida, tizimli ravishda olib borilmoqda. Bu ishlar eng avvalo yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini bartaraf etish, jamiyatda, hayotda o‘z o‘rinini topishlariga yaqindan yordam bermoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari