Yoshlarga 100 gektar yer ajratildi
Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida Sarchashma qishlogʻilik yoshlarga 100 gektar yer maydoni ajratildi.
Gap shundaki, joriy yilning 7-8-fevral kunlari Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Shahrisabz tumanining Tojikiston bilan chegaradosh boʻlgan Sarchashma qishlogʻining yoshlari bilan uchrashuvda ishsiz yoshlarning mavsumiy bandligini taʼminlash, ularni tomorqalardan maqsadli foydalanishga, qoʻshimcha daromad topishga yoʻnaltirish maqsadida viloyatning boshqa tumanlaridan yer ajratib berish haqida vaʼda bergan edi.
Shu maqsadda Gʻuzor tumanining Shakarbuloq mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli hududdan 100 gektar yer maydoni dehqonchilik qilish uchun ularga ajratildi. Bu haqda viloyat hokimi shu hududda sarchashmalik yoshlar bilan uchrashuvda taʼkidlab oʻtdi.
Uchrashuvda sarchashmalik 33 nafar yosh yerli boʻldi. Shu kunning oʻzida yoshlarga ajratilgan yer shudgorlanib, ekin ekish uchun tayyorlab berildi. Shuningdek uchrashuvda yer ajratilgan hududda sarchashmalik yoshlarning mavsum davomida u yerda turib ishlashi uchun 100 oʻringa moʻljallangan zamonaviy tipdagi, issiq va sovuqni oʻtkazmaydigan “Yoshlar palatkasi” qurish masalasi ham taʼkidlab oʻtildi.
Kelgusida bu kabi loyihalar viloyatning barcha hududlarida amalga oshirilishi aytib oʻtildi.