Yoshlar "Zakovat"da g‘alaba sari intilmoqda
Bugun mamlakatimizda yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahallalardagi yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual musobaqasi yurtimiz bo‘ylab bilimlar bellashuviga aylanib ketdi. Mahalla yoshlarini yagona maqsad atrofida birlashtirgan ushbu musobaqa eng iqtidorli va zukko yigit-qizlarni kashf etishda navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Jami 36 ta savoldan iborat o‘yinda jamoalar o‘z bilimlarini namoyish etib, respublika bosqichi yo‘llanmasi uchun qizg‘in kurash olib bordi. O‘yin yakunida har bir hududdan 3 tadan eng kuchli mahalla jamoalari musobaqaning respublika bosqichiga yo‘l oldi.

Musobaqaning respublika bosqichida 1-, 2- va 3-o‘rinni egallagan jamoalar mos ravishda 100, 60 va 40 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA