Yoshlar – yurt kelajagi, ularga ishonishimiz kerak
2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili

Har yili yangi yil arafasida hamma Prezident tomonidan yangi yilga qanday nom berilishini hayajon bilan kutadi. Men ham boshqa yurtdoshlarimiz qatori yil nomlanishini hayajon ila kutdim. Prezidentimiz tabrigini oila davrasida butun vujudim quloq bo‘lib tingladim. 2024 yil – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” degan so‘zlarni tinglab, sevinchimni yashirmay, qarsak chalib yubordim.
Davlatimiz rahbari tomonidan yangi yilga bunday nom berilgani barchani, shu jumladan, mahalla vakillarini ham nihoyatda quvontirdi. Har bir jamiyat o‘zining ertasi – kelajagi bo‘lmish yoshlar haqida qayg‘uradi, ularning ilm-ma’rifatli bo‘lishida bor imkoniyatidan foydalanadi.
Diyorimizda yoshlar siyosati davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Har bir davlatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda asosiy poydevor yoshlar va ularning intellektual salohiyati hisoblanadi. Shubhasiz, yoshlar ilm-fan, yangilik yaratuvchilari, taraqqiyotimiz yo‘lida hal qiluvchi kuchdir. Biznes esa kuchli iqtisodiyot asosi.
Yangi yilda ham birgalikda, yangi kuch-shijoat bilan, fidoyilik bilan harakat va mehnat qilsak, oldimizga qo‘ygan barcha ezgu maqsadlarimizga erishamiz. Yangi yil biz kabi yoshlar uchun yangi ufqlarni ochib berishi, shubhasiz.
Ko‘ngilda shunday tuyg‘ularni his etib, ulkan ishlarni reja qildim. Har bir yosh buyuk rejalar bilan mehnat qilishga qodir.
Orzular armonga aylanmasligi uchun esa tinimsiz o‘qish, o‘rganish, muammolar oldida o‘zingni irodali va kuchli tutish, yutuqlardan ilhomlanish va asosiysi vaqtni besamar narsalarga sarf etmaslik kerak. Axir, qani maydonga dadil chiqing, o‘z bilimingizni, salohiyatingizni, nimalarga qodir ekanligingizni namoyish eting, deb bizni qo‘llab turgan, rag‘batlantirayotgan mard va ishonchli Yurtboshimiz bor.
Bunday ishonchni oqlash, o‘zimizni, o‘zligimizni ko‘rsatish uchun esa barcha imkoniyatlar yaratilgan. Biz Prezident ishongan yoshlarmiz, buni doim yodimizda tutishimiz kerak.
Abdulaziz Xo‘jakov,
Xalq deputatlari Jizzax shahar
Kengashi deputati, “Shodlik” MFY dagi
hokim yordamchisi.
O‘zA