Yoshlar yugurish marafonida faol ishtirok etdi
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida “Toshkent viloyatida 2020-2021 yillar davomida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish chora-tadbirlar” dasturi ijrosi doirasida “Yoshlar marafoni” o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi va tuman hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan marafonda 400 dan ortiq yoshlar faol ishtirok etdi.
Yoshlarda sportga bo‘lgan havas va intilishni kuchaytirish, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini yanada ommalashtirish, mamlakatimizda o‘quvchi va talabalarni sport mashg‘ulotlariga uzluksiz jalb qilishga qaratilgan musobaqalarni muntazam o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy orkestr jamoasi tomonidan jangovar kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqada viloyatdagi harbiy qismlarning askarlari, ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi. E’tiborlisi, tuman hokimi Abdurasul Abdullayev ham marafonda ishtirok etdi. Yakunda 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Jamshid Ochilov birinchi o‘rinni oldi.
G‘olib va faol ishtirokchilarga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

– bugungi marafon ohangaronlik yoshlar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi mutaxassisi Rustam Mannopov. – Bu kabi tadbirlar viloyatimizning barcha hududlarida o‘tkazilgan bo‘lib, unda yoshlarimizning birdam harakat qilganini guvohi bo‘ldik. Ayniqsa, yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha mahallalarda aholini sport bilan shug‘ullanishi uchun 15 ta salomatlik yo‘laklari hamda “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) maydonchalari qurildi. Shuningdek, 325 ta sport tadbirlari tashkil etildi. Tashkil etilgan tadbirlarga 11 ming 745 nafar aholining barcha qatlami qamrab olindi. Shundan 58 ta mahallalarga biriktirilgan murabbiylar tomonidan uyushmagan yoshlar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
A.Musayev, O‘zA