Yoshlar yot g‘oyalarga qarshi
Navoiyda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Men diniy ekstremizm va terrorizm tahdidini qanday tushunaman?” mavzularida insholar tanlovi o‘tkazildi.
Navoiyda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Men diniy ekstremizm va terrorizm tahdidini qanday tushunaman?” mavzularida insholar tanlovi o‘tkazildi.Viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda yoshlarning bugungi globallashuv davrida turli g‘oyaviy tahdidlar va ekstremistik oqimlarga nisbatan mafkuraviy immuniteti, ularning asl maqsadlari to‘g‘risidagi bilimi sinovdan o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Birinchi o‘rinni Navoiy davlat konchilik instituti qoshidagi 2-akademik litsey o‘quvchisi Sevara Rahmonqulova qo‘lga kiritdi. Navoiy davlat pedagogika instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi Marjona Bozorova hamda Navbahor iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Munisa A’zamova ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin Qiziltepa maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji G‘ardiyon filiali o‘quvchisi Durdona Sharipova, Xatirchi qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Feruza Sa’dullaeva, Uchquduq konchilik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Og‘abek Temirovga nasib etdi.