“Yoshlar va qonun” huquqiy tanlovi
“Yoshlar va qonun” respublika ko‘rik- tanlovining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Oliy sudi, Adliya vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan haqiqiy immunitetni shakllantirish, qonunbuzilishi va korrupsiya holatlariga murosasizlik hissini uyg‘otish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida tashkil qilindi.

Shahardagi 11 ta tumanning iqtidorli yoshlari “Sud majlislarining modeli”, “Huquqiy islohotlar bosqichi”, “Yoshlarga oid qonunchilik – yoshlar nigohida”, “Huquqingni angla” kabi shartlar asosida qizg‘in bahs olib bordi.
Tashabbuskorlik, yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida bildirilgan takliflarning dolzarbligini inobatga olib, yakuniy xulosaga ko‘ra, Olmazor tumani yoshlari g‘olib bo‘ldi va respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Har bir guruh ishtirokchilari o‘z chiqishlarida yangidan- yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surdi. Tanlov qizg‘in tortishuvlarga boy bo‘ldi. G‘olib jamoalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashining esdalik sovg‘alari va diplomlari bilan taqdirlandi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA