Yoshlar uchun keng imkoniyat
Prezidentimizning 2021 yil 13 iyuldagi "Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni hali siyohi qurimasidanoq, mamlakatimizdagi yetakchi bosma va internet nashrlar, omma e’tiboriga tushib ulgurdi.
Kuchli ijtimoiy himoya, aholining ehtiyojmand qatlamlariga e’tiborni kuchaytirish, ko‘makka muhtoj oilalarga yordam qo‘lini uzatish davlatimiz siyosatida hamisha ustuvorlik kasb etgan.
Murakkab pandemiya sharoitida joriy etilgan "Temir daftar"lar oilalar, xonadonlarda muammolarning holatini batafsil o‘rganish imkonini berdi. Ayni paytda ularni tasniflash, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar bilan birga dolzarb masalalar yechimini topishga astoydil kirishildi.
Mazkur farmonga ko‘ra, 2021 yil avgust oyida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan har bir farzandi uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari rahbarlari “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari sonidan kelib chiqib, ro‘yxat shakllantirilishi hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari orqali ularga moddiy yordam pullarining o‘z vaqtida va manzilli yetkazilishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan farzandlariga 2021/2022 o‘quv yilida birinchi o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi.
Endilikda "Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurishi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi. Yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida ipoteka dasturi doirasida boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlari bo‘yicha qo‘shimcha 2 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya ajratiladi.
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida ta’lim kreditlari beriladi.
Davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ustamalar to‘lab borish tartibi joriy etiladi.
Farmonda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni sportga keng jalb etish, kitobxonlik ommalashuviga imkon yaratish bilan bog‘liq yana ko‘plab imkoniyat va yangiliklar joriy etilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimiz yoshlarining katta hayotga dadil kirib kelishi, o‘z orzulari, ezgu maqsadlarini hayotga to‘laqonli joriy etishi yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishiga asos yaratadi.
Nazokat Usmonova, O‘zA