“Yoshlar uchun 1000 kitob” loyihasi – amalda
Sirdaryo viloyati Yoshlar markazida “Yoshlar uchun 1000 kitob” loyihasi doirasida yana bir ma’naviy-ma’rifiy tashabbus amalga oshirildi. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Guliston davlat universiteti Axborot-kutubxona markaziga kitoblar jamlanmasi tantanali ravishda topshirildi.
– “Yoshlar uchun 1000 kitob” loyihasi nafaqat kutubxona fondlarini boyitmoqda, balki yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ularning ilmga bo‘lgan qiziqishini oshirish, tafakkuri va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilmoqda, – dedi Sirdaryo viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Boburjon Akramov.
Mutasaddilarning qayd etishicha, mazkur tashabbus yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni mustaqil fikrlaydigan va ma’naviy yetuk shaxs sifatida shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Yoshlar uchun 1000 kitob” loyihasi doirasidagi bu kabi tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettirilib, ta’lim muassasalarining kutubxona fondlarini boyitishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri