Yoshlar tashabbuskor yetakchilarga ergashadi
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.
Bu orqali yurtimizdagi qariyb 10 mingga yaqin mahallada minglab yoshlar ish bilan ta’minlandi. Hozirda respublikamiz bo‘ylab 9 ming 444 nafar yetakchi faoliyat yuritadi. Shundan, 839 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularga mahalladagi xonadonlar soniga qarab, 4 mln. so‘mdan 5 mln. so‘mgacha maosh to‘lanadi.
Har chorakda eng ilg‘or 100 nafar yetakchi esa bir oylik maoshga teng pul mukofoti hamda faoliyatini samarali tashkil etayotgan, o‘zining shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘layotgan va ularga yetakchilik qilayotgan yetakchilar “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
Yoshlar yetakchisi, jumladan, “Yoshlar balansi”ni shakllantirib, yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib boradi.
Bugungi kunda Namangan viloyatining Chust tumanidagi 72 ta mahallada yoshlar yetakchilari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yilda o‘tkazilgan xatlov va o‘rganishlar natijasida ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji bo‘lgan 3 ming 527 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.
– Ular bilan tizimli, manzilli ishlar yo‘lga qo‘yildi, – dedi Chust tumani Tinchlik mahallasi yoshlar yetakchisi Otabek Qobilov. – Ularga ko‘mak ko‘rsatish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 3,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Yil davomida 3 ming 327 nafar yigit-qizning murojaatlari ijobiy hal etildi. Jumladan, 1 ming 185 nafari ishga joylashtirildi. 652 nafarining shartnoma puli to‘landi. 29 nafarining haydovchilik o‘quv kursi xarajatlari qoplandi. Qolganlariga boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatildi.
“Yoshlar daftari” hayotga tatbiq etilishi orqali ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar va yoshlar turmush tarzi o‘zgarmoqda. Mahallalarda yoshlarning muammo va murojaatlari o‘z yechimini topib, ijobiy hal etilayotgani zamirida mahallalardagi yoshlar yetakchilari faoliyatining amaliy natijasini ko‘rishimiz mumkin.
– Mahallamizda 1000 dan ziyod yosh bo‘lsa, har biri o‘z xarakteriga ega, – dedi Sergeli tumanidagi “Tashabbus” mahallasi yoshlar yetakchisi Shohsanam Yusupova. – Ular bilan “til topishish” uchun esa ularning “tili”da suhbatlashishim, do‘st bo‘lishim zarur. Sababi, yoshlarda turli muammo, murojaat va vaziyatlar bo‘ladi. Lekin avvalo, oilangdagilar qo‘llab-quvvatlasa, odamda o‘z ishiga mehr va mas’uliyat bo‘lsa, har bir qiyinchilikni yengib o‘tish mumkin.
Yoshlarga biror yordamim tekkanda ularning xursandligini ko‘rib, o‘zimda faxr tuyaman. Prezidentimiz biz bilan uchrashuvda yetakchilarga ishonch bildirib, 30 dan ortiq yordam turlarini ko‘rsatish vakolati berilgani, “mahalladagi yoshlar yetakchisi mening to‘g‘ridan to‘g‘ri vakilim hisoblanadi", deganlarida bu kasbni tanlab adashmaganimni his qilganman.
O‘shanda mahallam bilan davlat o‘rtasida bir ko‘prik bo‘lish, yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi biz, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yordam berishdan iboratligiga yoshlarni ishontirish bosh maqsadim bo‘lgan. O‘zim talabalik paytlarim bizga bunday imkoniyatlar bo‘lmagan. Bu faoliyatga kirishar ekanman, katta mas’uliyatni zimmamga olayotgan edim. Chunki bizga “davlat rahbarining mahallalardagi ishonchli vakili”, degan maqom berilgan edi.
Shuningdek, mamlakatimizda yetakchilar ongi va qalbida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!" g‘oyasini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik hamda yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida turli xil tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.
Xususan, yaqinda “Yilning eng namunali mahalla yetakchisi” tanlovining saralash bosqichlari 9 444 nafar yoshlar yetakchilari orasida tashkil etildi. Respublika bosqichiga tanlovning hududiy bosqichida g‘olib bo‘lgan 140 nafar yetakchi yetib keldi.
Tanlovning respublika bosqichi Toshkent shahridagi Yoshlar markazida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.
Hakamlar hay’ati sifatida bir qator vazirlik va idoralardan mas’ul xodimlar jalb etildi. G‘oliblarni aniqlashda yoshlar yetakchilarining faoliyati davomida amalga oshirgan ishlari va o‘z ustida ishlab, shaxsiy rivojlanishida ko‘rsatgan natijasi, jumladan, davlat mukofoti, ko‘krak nishonlari, maqolalari, sport yutuqlari, tanlov va musobaqalardagi ishtiroki, til bilish sertifikati kabi yutuqlari baholandi.
Tanlov yakunida belgilangan 10 ta yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi va har bir yo‘nalishda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.
Respublika bosqichining qolgan barcha 110 nafar ishtirokchilari esa faxriy yorliq va Yoshlar ishlari agentligining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, tanlov g‘oliblari yuqori lavozimlarga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritiladi, rivojlangan xorijiy davlatlarning sohaga oid ta’lim tashkilotlariga malaka oshirishga yuboriladi, davlat mukofotlariga tavsiya qilinadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA