Yoshlar tashabbusi va salohiyatiga tayangan taraqqiyot
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tizimida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Toshkent shahridagi “Zakovat arena”da o‘tkazilgan ushbu tadbir mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasi bo‘ldi. Unda respublikaning turli hududlaridan kelgan faol, tashabbuskor hamda sohada samarali mehnat qilib kelayotgan yosh xodimlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida “Hududgazta’minot” AJ rahbariyati yig‘ilganlarni 30-iyun – Yoshlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidlab, jamiyat tizimida ham iqtidorli va bilimli yosh kadrlarni tarbiyalash, ularning kasbiy mahoratini oshirish, tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda kelgusida rahbarlik lavozimlariga tayyorlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida kechgan uchrashuv yoshlarga o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini erkin bildirish imkonini yaratdi. Ishtirokchilar sohani yanada takomillashtirish, xizmatlar sifatini oshirish va zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga doir takliflarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan batafsil javob oldi.
Tadbir doirasida xodimlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini ham tashkil etildi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuv yoshlarning bilim salohiyati, tahliliy fikrlash qobiliyati va jamoada ishlash ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Bayram dasturining davomi sifatida ishtirokchilar uchun Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ma’rifiy sayohat uyushtirildi. Markazda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar, tarixiy manbalar hamda yurtimiz sivilizatsiyasi va ilm-fan taraqqiyotiga oid eksponatlar bilan yaqindan tanishish yoshlarda xalqimizning boy ma’naviy merosi va milliy qadriyatlariga nisbatan hurmat va iftixor tuyg‘usini yanada kuchaytirdi.
Ta’kidlanganidek, bunday ma’rifiy tashriflar yosh avlodning tarixiy xotirasini mustahkamlash, ma’naviy dunyoqarashini boyitish va Vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA