Yoshlar tarbiyasida nuroniylar va faxriylarning o‘rni beqiyos
Sirdaryo viloyati Yoshlar markazida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri turli avlod vakillarini bir maqsad — Vatan taraqqiyoti, yoshlar tarbiyasi va milliy asrab-avaylash g‘oyasi atrofida jamladi.
Tadbirda nuroniylar, mehnat va harbiy faxriylar, otaliqqa olingan yoshlar, “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi. Uchrashuv avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni mustahkamlash, yoshlarning hayotga bo‘lgan qarashlarini boyitish va ularning qalbida Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbirni Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ochib berdi. U o‘z so‘zida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, nuroniylarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor hamda jamiyat hayotida avlodlar vorisligining ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida bilimli, vatanparvar va tashabbuskor yoshlarni tarbiyalash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu jarayonda hayot tajribasiga ega nuroniylar va faxriylarning o‘rni beqiyosdir.
Uchrashuvning eng qiziqarli qismi ochiq muloqot shaklida kechdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mehnat va harbiy faxriylarning boy hayotiy tajribalari, mehnat faoliyati va xizmat yo‘li haqidagi hikoyalarini katta qiziqish bilan tingladilar.
Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning Vatan himoyasi yo‘lidagi mas’uliyat va matonat haqidagi fikrlari yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Nuroniylar tomonidan aytilgan hayotiy maslahatlar, sabr-toqat, mehnatsevarlik va el-yurtga sadoqat haqidagi fikrlar ishtirokchilar uchun o‘ziga xos hayot sabog‘iga aylandi.
Yoshlar esa o‘z navbatida mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish, ta’lim olish va kasb egallash borasidagi maqsadlari bilan o‘rtoqlashdilar.
[gallery-29854]
– Bugungi kunda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatan taqdiriga daxldorlik hissini mustahkamlash eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. “Uch avlod uchrashuvi” kabi tadbirlar yoshlarning hayotiy qarashlarini boyitib, ularni el-yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Bunday muloqotlarda yoshlar nuroniylar va faxriylarning hayot tajribasidan bahramand bo‘lib, ularning bosib o‘tgan ibratli yo‘lidan o‘ziga xos saboq oladi. Eng muhimi, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy vorisiylik mustahkamlanadi, – dedi tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashining harbiy qism va muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘limi boshlig‘i, kapitan Furqatjon Azimov.
Tadbir davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, bu kabi uchrashuvlar yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash, ularning mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish va jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Uch avlod uchrashuvi” nafaqat muloqot maydoni, balki tajriba, jasorat va ishonch uyg‘unlashgan ma’naviy maktab vazifasini o‘tadi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov(surat) O‘zA