Yoshlar tarbiyasi doimiy e’tiborda
Yurtimizda yoshlar bilan ishlash borasida samarali tizim yaratilgan. Ularning barkamol o‘sib-ulg‘ayishi, ta’lim-tarbiyasi, kelajak taqdiri davlatimizning doimiy e’tiborida.
Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatidagi 16 ta umumta’lim maktabi Ichki ishlar vazirligi tomonidan otaliqqa olingan. O‘quv maskanlarida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar o‘quvchi yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni Vatanga sadoqat ruhida kamol toptirish, eng muhimi, yoshlar qatlami orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga xizmat qilmoqda.
Ana shu maqsadda joriy o‘quv yilida ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari tomonidan maktablarda tashkil etilayotgan sayyor uchrashuvlarni alohida aytib o‘tish joiz.

– Motivatsion ruhda o‘tgan muloqotlar davomida turli yosh toifasidagi barcha o‘quvchilarni qamrab olishga, ularning qiziqish va qobiliyatini o‘rganishga, chekka hududlarda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishga harakat qildik. Bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan suhbat o‘tkazib, natijalarini monitoring qildik. Maktablarda oliy ta’lim qamrovini oshirish, o‘quvchilarni kasb egallashga yo‘naltirish bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilab oldik, – deydi IIV akademiyasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik Nabulla Hojiyev.
Hozirgi murakkab sharoitda yosh avlodning huquqiy madaniyati va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish, jamiyatimizda kechayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Targ‘ibot tadbirlarida ayni masalalarga ham e’tibor qaratildi. Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangilangan Konstitutsiyamizda yoshlar uchun berilgan huquq va imtiyozlar, huquqbuzarlik sodir etishning oqibatlari tushuntirildi.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlari safida xizmat qilishni, el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligiga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilgan o‘g‘il-qizlar uchun Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga o‘qishga kirish tartibi, ixtisoslik yo‘nalishlari, o‘quv dargohida yaratilgan shart-sharoitlar so‘zlab berildi.
Bir so‘z bilan aytganda joylarda o‘tkazilgan yuzma-yuz muloqotlar yoshlarning bilim olib, kasb egallashga bo‘lgan ishtiyoqini yanada kuchaytirishga xizmat qildi. Zero, o‘sib kelayotgan navqiron avlod uchun bugun qanchalik qayg‘ursak, mamlakatimiz ertasiga mustahkam poydevor qo‘ygan bo‘lamiz.
Jamshid XOLOV,
IIV akademiyasi Axborot xizmati