Yoshlar orzusi ro‘yobga chiqmoqda
Shayxontohur sanoat kasb-hunar kollejini tamomlagan Muborak Dadaboyeva «Davrbank»dan olgan 5 million so‘mlik imtiyozli kredit evaziga shirinliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ochdi.
Shayxontohur sanoat kasb-hunar kollejini tamomlagan Muborak Dadaboyeva «Davrbank»dan olgan 5 million so‘mlik imtiyozli kredit evaziga shirinliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ochdi.
Muborak endi o‘n to‘qqiz yoshni qarshiladi. Bugun mamlakatimizda u kabi ulkan maqsadlar bilan hayotga kirib kelayotgan yoshlar ko‘p.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 28-iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur farmon bitiruvchilarga zamonaviy texnologiya asosida sanoat mahsulotlari ishlab chiqaradigan, ichki va tashqi bozordagi o‘zgarishlarga moslashadigan korxonalar tashkil etish imkonini bermoqda. Yosh tadbirkorlarning puxta bilimi, o‘z faoliyatida ilg‘or texnalogiyalardan keng foydalanishi yutuqlarning asosiy omili bo‘lmoqda.
– Prezidentimizning doimiy e’tiboridan ruhlanib, o‘z biznesimni boshladim, – deydi M.Dadaboyeva. – O‘n nafar yosh ish bilan ta’minlangan korxonamizda yigirma turdagi shirinliklar ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, oilamiz bilan birga qizlarga shirinliklar tayyorlashni o‘rgatadigan o‘quv markazi tashkil etdik. Hozir markazimizda o‘n ikki nafar qiz qandolat mahsulotlarini tayyorlash sirlarini o‘rganmoqda.
Respublika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi boshqarma boshlig‘i Abduxalil Rahmonovning aytishicha, joriy yilda mamlakatimizdagi 1403 kasb-hunar kollejini 482,6 mingdan ziyod yosh bitirgan. Hozirgacha ularning 475,4 ming nafari ish bilan ta’minlangan. Barcha kasb-hunar kollejlarida tijorat banklari va turli tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan uchrashuvlarda mutaxassislar tomonidan yoshlarga tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha maslahatlar berildi. Natijada 33,2 mingdan ortiq bitiruvchi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan. Shu kungacha tijorat banklari tomonidan bitiruvchilarga 25,7 milliard so‘m kredit ajratildi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarida 10,9 ming korxona va tashkilot 79,7 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Yarmarkalarda qatnashgan 11 mingdan ortiq yigit-qiz ishga joylashish uchun yo‘llanma olgan, 12 mingga yaqin bitiruvchiga bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari mutaxassislari tomonidan huquqiy maslahatlar berilgan.
– Toshkent tibbiyot kollejini tamomladim, – deydi Dildora Ahmedova. – Mehnat yarmarkasida Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ish o‘rinlari bilan tanishib, mutaxassisligim bo‘yicha Olmazor tumanidagi 15-oilaviy poliklinikaga hamshiralikka ishga kirdim.
– Korxonamizda 150 dan ortiq ishchi mehnat qiladi, – deydi Yunusobod tumanidagi sutni qayta ishlashga ixtisoslashgan «Ibragimov Husan Nosirovich» xususiy korxonasi rahbari Husan Ibragimov. – Joriy yilda ellikka yaqin kollej o‘quvchisi jamoamizda amaliyot o‘tadi. Amaliyot chog‘ida ularning mehnatsevarligi, tirishqoqligi bizga ma’qul bo‘ldi. Barchasini ishga qabul qildik. Ayni paytda yoshlarga malakali mutaxassislar tomonidan kasb sirlari o‘rgatilmoqda. Ularga zarur sharoitlar yaratilgan.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda yoshlarning o‘zlari istagan va qiziqqan sohada puxta ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va ishga joylashishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yigit-qizlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va orzulari ro‘yobiga xizmat qilmoqda.