Yoshlar masalasi doimiy e’tiborda
Yakunlangan yil mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida katta o‘zgarishlarga boy bo‘ldi – ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy sohalarda ko‘plab yutuqlarga erishildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy 2024 yilga mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berilishi maqsadlarimiz ro‘yobiga intilish va kelajakka bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamladi.
Davlatimiz rahbari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan majlisida jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha ishlar bundan buyon ham davom etishini, “Yoshlar uchun – ming kitob” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinganini ta’kidladi.

Unga ko‘ra, kelgusi yildan boshlab farzandlarimizga rag‘bat beradigan eng mashhur ilmiy-ommabop kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, maktab va kutubxonalarga bepul tarqatish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Bugun yurtimizda kelajak avlodni har jihatdan barkamol qilib voyaga yetkazishga qaratilgan bu kabi ezgu loyihalar juda ko‘p. Shunga monand ravishda mamlakatimiz aholisining aksar qismini tashkil etuvchi yoshlarimizning yurt rivoji, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida o‘zlarining aqlu zakovati, shijoati bilan kamarbasta bo‘layotgi ham quvonarli, albatta.
Bu o‘z navbatida, yoshlarga o‘z iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish yo‘lida yaratib berilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlarning natijasidir.
Demak, oldimizda turgan 2024 yil – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash” yilida ham kelajak avlod yo‘lidagi ezgu tashabbuslar bardavom bo‘ladi. O‘z navbatida biz yoshlar ham yaratib berilayotgan yangi imkoniyatlardan to‘liq foydalangan holda, ilm-fan, innovatsiya, zamonaviy IT kasblarini puxta o‘zlashtirishimiz, yangi hayotni, Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni to‘liq safarbar etishimiz darkor.
Sherzodxon Islamov,
O‘zbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi
markaziy apparati bosh mutaxassisi.