Yoshlar korrupsiyaga qarshi
Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Jizzax viloyati kengashi tashabbusi bilan Gʻallaorol tumanida “Biz korrupsiyaga qarshimiz” shiori ostida yoshlar sayli tashkil etildi.
Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Jizzax viloyati kengashi tashabbusi bilan Gʻallaorol tumanida “Biz korrupsiyaga qarshimiz” shiori ostida yoshlar sayli tashkil etildi.
Tumandagi Xotira xiyoboni va uning atrofida oʻtkazilgan “Adolat sayli” targʻibot tadbirida partiyaning respublika markaziy apparati masʼul xodimlari, viloyat kengashi faollari, keng jamoatchilik va mahalla vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda korrupsiya mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ulkan tahdid boʻlib, u jamiyatning maʼnaviy-axloqiy asoslarini yemirishi, islohotlar gʻoyasini obroʻsizlantirib, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokiga salbiy taʼsir koʻrsatishi taʼkidlandi.
– Biz ushbu tadbirni navbatdagi koʻngilochar uchrashuv, partiya targʻiboti sifatida tashkil etganimiz yoʻq, – deydi partiya viloyat kengashi raisi Orif Shukurov. – Korrupsiya nafaqat kundalik ijtimoiy munosabatlarni izdan chiqaruvchi, balki davlatlarning ichidan yemirilishiga olib keluvchi xavfli illat ekanligini koʻpchilik, ayniqsa, yoshlarimiz chuqur anglab yetishi kerak. Korrupsiya davlatning konstitutsiyaviy asoslarini hamda jamiyatning maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarini yemiruvchi illat ekanligini koʻpchilik tushunib yetganida unga qarshi kurash samara beradi.
Sayil doirasida partiya qoshida tashkil etilgan “Isteʼdod klubi”ning faol aʼzolari tomonidan rasmlar, toʻqilgan oʻyinchoqlar, kitoblar koʻrgazmasi, turli interaktiv oʻyinlar, sovrinli viktorinalar oʻtkazildi.
Sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiqlari, badiiy jamoalarning chiqishlari tadbir qatnashchilariga xush kayfiyat bagʻishladi.
Tadbirda faol qatnashgan ishtirokchilar partiyaning esdalik sovgʻalari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.